Toshkent qilichbozlik bo'yicha ikkita xalqaro musobaqaga mezbonlik qiladi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 314
Joriy yilning 5-10 sentyabr kunlari poytaxtimiz qilichbozlik bo'yicha ikki yirik xalqaro turnirlarga mezbonlik qiladi. Ularning dastlabkisi Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi shafeligida o'tkaziladi. Tashkil qilinayotgan mazkur musobaqada 5-6 sentyabr kunlari rapira, 7-8 sentyabr kunlari shpaga ustalari “FIE Satellite” turnirida g'oliblik uchun bahs olib borishadi. “FIE Satellite“ turnirida hozirgi kunga kelib sportchilarimizdan tashqari Rossiya, Avstriya, Angliya, AQSh, Italiya, Singapur, Malayziya, Filippin, Braziliya, Turkiya, Gruziya, Afg'oniston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog'iston va Qirg'iziston davlatlarining terma jamoalari a'zolari ishtirok etishini e'lon qilgan.
Shuningdek, 9-10 sentyabr kunlari Markaziy Osiyo qilichbozlik Konfederatsiyasi ochiq chempionati ham o'tkazilishi rejalashtirilgan bo'lib, unda qilichbozlikning barcha yo'nalishlari bo'yicha janglar o'tkaziladi. Mazkur musobaqalarga poytaxtimzidagi Gimnastika sport saroyi mezbonlik qiladi. Bellashuvlar soat 10:00 dan boshlanishi belgilab qo'yilgan.