Sportchilarimiz uchun o'tgan hafta qanday yakunlandi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 936
O'tgan hafta bir qator sport turlari bo'yicha ko'plab musobaqalarga boy bo'ldi. Jumladan, polvonlarimiz Tallinda, velosportchimiz Frankfurtda yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etishgan bo'lsa, gimnastikachi qizlarimiz Minskdagi turnirda o'z omadini sinab ko'rdilar. Shu o'rinda, poytaxtimiz mezbonlik qilgan engil atletika bo'yicha O'zbekiston ochiq kubogi xalqaro musobaqasi ham e'tibor markazida bo'ldi. Ayni pallada o'tgan haftada terma jamoamiz vakillarining mazkur musobaqalarda qayd etgan e'tiborli natijalari xususida to'xtalib o'tamiz.
Sport kurashlari
12-18 avgust kunlari Estoniyaning Tallin shahrida sport kurashlari bo'yicha yoshlar o'rtasida jahon chempionati bo'lib o'tdi. Dunyoning 100 ga yaqin mamlakati vakillari o'rtasida kechgan musobaqadan O'zbekiston terma jamoasi ham medal bilan qaytadigan bo'ldi.
Erkin kurash bo'yicha -97 kilogramm vazn toifasida kurashgan vakilimiz Maqsud Veysalov qo'lga kiritgan bronza medali termamiz uchun musobaqa yakunigacha yagona medal bo'lib qoldi. Shu tariqa hamyurtlarimiz musobaqani 1 ta bronza medali bilan yakunlashdi.
Velosport
14-18 avgust kunlari Germaniyaning Frankfurt shahrida velosportning trek yo'nalishi bo'yicha yoshlar o'rtasida jahon chempionati bo'lib o'tdi. Xabar berganimizdek, ushbu musobaqada hamyurtimiz Yanina Kuskova terma jamoamiz sharafini himoya qildi.
Kuskova musobaqa davomida skretch va ochkolar bo'yicha guruh poygasi yo'nalishida qatnashdi. Hamyurtimiz skretch bahsida 19-natijani qayd etgan bo'lsa, ochkolar bo'yicha guruh poygasida bir muncha ishonchli harakat qildi. Hatto bronza medali uchun raqobat olib borgan Kuskova yakunda 25 ochko jamg'arib, ettinchi o'rin bilan kifoyalandi. Uchinchi o'rin egasi bilan oradagi farq esa 5 ochkoni tashkil qildi.
Bu yoshlar va o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatida terma jamoamizning 2003 yildan buyon qayd etgan eng yuqori natijasi bo'ldi. Sergey Lagutinning chempionligidan keyin shu paytgacha o'smirlar va yoshlar toifasidagi dunyo birinchiligida sportchilarimiz kuchli 10 talikdan joy ola bilishmayogan edi.
Badiiy gimnastika
O'tgan haftada Belarusning Minsk shahrida badiiy gimnastika bo'yicha “BSB Bank” xalqaro musobaqasi bo'lib o'tdi. Unda ishtirok etgan terma jamoamiz vakillari guruh va 5 ta to'p bilan mashq qilish bahsida sakkizinchi natijani qayd etishdi. Ko'pkurash bellashuvi 10-pog'ona bilan yakunlangan bo'lsa, shaxsiy chiqishlarda terma jamoamizda ikkinchi raqamda e'tirof etiluvchi Ekaterina Fetisova musobaqani 24-o'rinda tugatdi.
Terma jamoamiz vakillari endi Rossiyaning Qozon shahriga yo'l olishdi. Ushbu shaharda yana bir necha kundan so'ng Jahon kubogi bosqichlaridan biri start oladi. Mazkur musobaqalar terma jamaomiz uchun 16-22 sentyabr kunlari Boku shahrida bo'lib o'tadigan jahon chempionatiga asosiy tayyorgarlik bosqichi vazifasini o'tab beradi. Jahon chempionati esa Tokio-2020 Olimpiadasi uchun to'g'ridan to'g'ri yo'llanma berishi bilan yanada ahamiyatli.
Engil atletika
17-18 avgust kunlari tashkil qilingan O'zbekiston ochiq kubogi xalqaro musobaqasida Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Avstraliya, Afg'oniston, Saudiya Arabistoni, Eron kabi mamlakat vakillari ham ishtirok etishdi. Mazkur turnir Xalqaro engil atletika federatsiyasi taqvim rejasidan o'rin olgan bo'lib, ishtirokchilar Tokio Olimpiadasining normativini bajara olishsa, Olimpiada litsenziyalarini qo'lga kiritishlari mumkin edi.
O'z o'rnida vakillarimiz ham Olimpiada yo'llanmasini qo'lga kiritish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishdi. Qayd etish joiz, musobaqada 3 nafar sportchimiz Nigina Sharipova 100 metrga yugurish, Nadiya Dusanova va Svetlana Radzivil balandlikka sakrash sektorida Olimpiada normativini bajarishga juda yaqin keldi. Sharipovani bunday natijadan atigi 0.18 soniya, Radzivil va Dusanovani 5 sm. ajratib qoldi. Shunday bo'lsada, bu ko'rsatkich reyting orqali yo'llanma olishda imkon taqdim qilishi mumkin.