«Bunyodkor» «Bunyodkor»ga qaytmoqda!
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 452
Bugun O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ermatov Ravshan Sayfiddinovich yana bir bor «Bunyodkor» stadioni va akademiyasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida dastavval «Bunyodkor» stadionining chimi ko'zdan kechirildi. Maydonning sifatini yaxshilash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar mutaxassislar bilan muhokama qilindi. Shundan so'ng Ravshan Ermatov «Bunyodkor» akademiyasiga ham tashrif buyurib, bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, maydonlarning holati bilan tanishdi. Mas'ul mutaxassislarning fikrlari tinglandi, tegishli ko'rsatmalar berildi.
Ravshan Sayfiddinovichning tashrifi «Bunyodkor» muxlislari uchun yaxshi yangilik bilan yakunlandi. Barchani birdek xursand qiladigan xabar shuki, «Bunyodkor» «Bunyodkor»ga qaytmoqda! Ya'ni, jamoamiz endi uy uchrashuvlarini «Bunyodkor» stadionida o'tkazadi. Superliganing 18-turidan o'rin olgan, 26 avgust kuni bo'lib o'tishi rejalashtirilgan «Bunyodkor» - «Lokomotiv» o'yini «Bunyodkor» stadionida o'tkazilishi tasdiqlandi!
Aytish kerak, bu yangilik jamoamiz uchun mamlakatimiz hurlikka erishgan kun, Mustaqillik bayramiga sovg'a bo'ldi. O'ylaymizki, futbolchilarimiz mazkur o'yinda g'alaba qozonib, ishqibozlarga bayram sovg'asini taqdim etadi.