MOQ prezidenti yurtimizning birinchi raketkasi Denis Istominni qabul qildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 271

Tennischimiz Denis Istomin kelasi yili bo'lib o'tadigan Tokio Olimpiadasiga O'zbekiston terma jamoasi vakillari orasida birinchi bo'lib yo'llanma qo'lga kiritgan sportchi sanaladi. Bo'lajak Olimpiadaga har bir sportchimizni puxta tayyorlash, ularning tayyorgarlik rejalarini federatsiya mutasaddilari bilan o'rganish va tasdiqlash borasida istibolli rejalar ishlab chiqilgan. Shu asosda bugun Denis Istomin O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasiga tashrif buyurdi. Sportchimizni MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov qabul qildi.
Istominga federatsiya Bosh kotibi Iroda To'laganova hamda terma jamoa sardori Farruh Do'stov hamrohlik qildi. Uchrashuv chog'ida sportchimizning Tokio Olimpiadasi uchun ishlab chiqqan rejasi, tayyorgarlik jarayoni muhokama qilindi.
“Sportchi uchun eng yaxshi tayyorgarlik ko'proq musobaqalarda qatnashishi. Tokio-2020 uchun kichik jamoam bor. Bunda onam ham psixolog, ham murabbiy sifatida ishlasa, doim men bilan yuradigan fizioterapevt ham bo'ladi. Umuman olganda, Olimpiadada yaxshi natija ko'rsatishim uchun shu guruhning o'zi etarli. Qolgani mashg'ulotlar va musobaqalarda rivojlanadi. Mashg'ulotlar Moskva hamda Toshkentda bo'ladi. Hozir bor e'tiborimni bir necha kundan so'ng boshlanadigan AQSh ochiq chempionatiga qaratganman. Kelasi yil Tokioga yaxshi tayyorgarlikda etib borish uchun o'zimga kerakli musobaqalarni oldindan tanlab oldik va rejamiz asosida ish tutsak, barchasi ko'ngildagidek bo'ladi”, – dedi Denis Istomin.
Suhbat davomida sportchimizning Tokio Olimpiadasida yuqori natija ko'rsatishi uchun talab etiladigan barcha jihatlar atroflicha o'rganilib, kelgusida ham hamkorlikda ishlash borasida kelishib olindi.

Bosh sahifaga
263