Toshkent viloyati bolalar-o'smirlar futbol akademiyasi murabbiyi ishdan chetlatildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 461
Xabaringiz bor, 1-20 avgust kunlari O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi hududiy bolalar-o'smirlar futbol akademiyalariga qabul imtihonlarining hal qiluvchi ikkinchi bosqichi o'tkazilmoqda.
O'FA mazkur imtihonlarni yuqori darajada, shaffoflik va xolislik tamoyillariga asoslangan holda tashkil etish masalalariga jiddiy e'tibor qaratmoqda. Shu boisdan qabul imtihonlarida hududiy bolalar-o'smirlar futbol akademiyalari murabbiylaridan tashqari bevosita vakil sifatida O'FA xodimlari, qolaversa, tajribali murabbiylar ham ishtirok etishmoqda.
Shunga qaramay o'z vakolatidan nopok yo'lda foydalanishga uringan mutaxassislar ham uchraganini qayd etish lozim. Jumladan, shu paytga qadar Toshkent viloyati bolalar-o'smirlar futbol akademiyasida murabbiy sifatida faoliyat olib borgan Baurjan Saginbaev qabul imtihonlari paytida iqtidorli o'yinchilarni saralash jarayonida o'z mehnat vakolatlaridan foydalanishga harakat qilib, bu orqali esa adolatli tanlov o'tkazish jarayoniga to'sqinlik qilishga uringani ma'lum bo'ldi. Shu sababli Baurjan Saginbaev futbol akademiyasi murabbiyligidan chetlatildi va akademiya direktori Albert Ahmadgaleevga hayfsan berildi.
O'FA futbol sohasida faoliyat olib borayotgan barchani tartib-intizom va halollik qoidalariga rioya qilgan holda ishlashga chaqiradi. Agar shunga o'xshash holatlar kuzatilsa, keskin jazo choralari ko'riladi.