Badmintonchilarimiz Xitoyga jo'nab ketdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 217
Joriy yilning 29 iyul – 4 avgust kunlari Xitoyning Chendu shahrida yoshlar o'rtasida badminton bo'yicha Xalqaro o'rtoqlik turniri bo'lib o'tadi.
Xitoy Xalq Respublikasi Milliy badminton federatsiyasi va “Sun Chin Lin” fondi tomonidan tashkil etilgan turnirda o'zbekistonlik 12 nafar yosh badmintonchilar ham ishtirok etishadi.
Kecha tunda vakillarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan mazkur musobaqada ishtirok etish uchun jo'nab ketishdi.
13 yoshgacha bo'lgan maktab o'quvchilari o'rtasida o'tkazilayotgan xalqaro turnirda yoshlarimiz jahonning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan tengdoshlari bilan kuch sinashishadi.
Delegatsiyamiz Xitoyga tashrifi davomida musobaqada ishtirok etish bilan birgalikda o'zaro tajriba almashish uchun bir qator o'quv-mashg'ulot seminarlarida ham ishtirok etishadi.
Jahonda ommaviyligi bo'yicha futboldan keyingi o'rinni egallagan badminton sportini yurtimizda ommalashtirish va rivojlantirish uchun keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, poytaxtimiz va bir qator viloyat markazlarida yangi zamonaviy badminton markazlari foydalanishga topshirildi.
Xitoyda badminton barcha yosh toifasidagi insonlar o'rtasida keng ommalashib milliy sport turi darajasi etgan. Ushbu sport turi bo'yicha nufuzli musobaqalarda eng yaxshi natijalarni xitoylik sportchilar qayd etib kelishayotgani bejiz emas. Aynan shu sababli yurtimizda badminton sportini ommalashtirishda Xitoy tajribasini o'rganish bo'yicha hamkorlik qilinmoqda.
Ushbu musobaqaga taklif etilgan sportchilarimizning barcha xarajatlari (aviabiletlardan tashqari) tashkilotlar tomonidan beg'araz qoplab berilayotganligini ham qayd etib o'tish lozim.