Messi terma jamoa o'yinlaridan uzoq muddatga chetlatilishi mumkin
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 517
«Barselona» hujumchisi Lionel Messi Argentina terma jamoasi o'yinlaridan uzoq muddatda diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.
Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL) argentinalik futbolchini 2 oydan 6 oygacha chetlatish variantlarini ko'rib chiqmoqda. Shunday qaror qabul qilinsa, Messi Argentina terma jamoasining yil oxirigacha bo'lgan o'yinlarida ishtirok eta olmaydi.
Amerika kubogi musobaqasi davomida Messi tashkilotchilar va KONMEBOLni keskin tanqid ostiga olgani uchun shunday jazoga tortilishi kutilmoqda. U bronza medali uchun o'yinda maydondan chetlatildi va taqdirlash marosimiga chiqmadi. Shuningdek, mintaqada korruptsiya va hakamlarning xatolari tufayli Argentina terma jamoasi finalga chiqa olmaganini ta'kidladi.
Lionel Amerika kubogi doirasida Chiliga qarshi bo'lib o'tgan o'yindagi chetlatish tufayli bitta o'yinga diskvalifikatsiya qilingan edi.
2019 yilning qolgan qismida Argentina terma jamoasini faqat o'rtoqlik o'yinlari kutib turibdi. Sentyabr oyida jamoa Meksika va Chili bilan, oktyabr oyida Germaniya va Baskoniyaga qarshi, noyabr oyida Saudiya va Braziliya bilan o'rtoqlik o'yinlari o'tkazishi lozim.