Oltin qafasdagi futbolchilar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1076
Hozirgi kunda futbolchi va klub tomonidan tuzligan shartnomalar futbolchining taqdirini o'zgartirib yuborishi hech gap emas. Bugun o'zining juda baland maoshiga o'rlashib futboldan tobora uzoqlashib borayotgan futbolchilar to'g'risida so'z boradi
Denni Drinkuoter
Bu futbolchi haqida ko'pchilik unutib ham qo'ygan bo'lsa, ajab emas. «Lester» safidagi ajoyib o'yinlari evaziga ko'plab muxlislarning e'tiborini qozongan futbolchi hozirda Londonning «Chelsi» klubida faoliyat olib bormoqda. Uning haftalik maoshi 100 ming funtni tashkil etadi. 29 yoshlik futbolchi yakunlangan mavsumda atigi 30 daqiqagina rasmiy uchrashuvda to'p surdi. U ham bo'lsa, kubok o'yiniga to'g'ri keladi. Bir nechta klublar uni ijaraga olishni istab klubga murojaat qilgan bo'lsada, futbolchi yuqori maosh sababli o'z klubida qolishni avzal ko'rdi.
Mesut O'zil
«Arsenal» muxlislari tomonidan «yilning eng yomon o'yinchisi» deya e'tirof etilgan germaniyalik futbolchi o'z imidjini keskin pasaytirib yubordi. Ayniqsa, Evropa Ligasi musobaqasi finalidan so'ng uni tanqid qiluvchilar soni keskin ko'payib ketdi. Shunday bo'lishiga qaramasdan, futbolchi klubini o'zgartirishga va hammasini boshidan boshlashga urunayotgani yo'q. Gap shundaki, hatto «Fenerbahche» klubi ham Mesut O'zilning katta maoshidan cho'chib ortga qaytib ketdi. Mesut «to'pchilar» safidagi eng katta maosh oluvchilardan biri bo'lib, uning haftalik daromadi 350 ming funtni tashkil etadi. Bu APLdagi eng daromadli 10 ta futbolchidan biri degani! Eng achinarlisi shundaki, «Arsenal» O'zilning zahirada o'tirishiga qaramasdan maoshini to'layotgan bo'lsada, Remziyni o'z safida ushlab qola olmadi. Bunga jamoaning maoshlar uchun ortiqcha xarajat qilishini vaj qilib ko'rsatgan klub rahbarlari Mesutni muxlislar uchun yanada xunuk ko'rsatib qo'ydi.
Gonzalo Iguain
Argentinalik futbolchiga ba'zan achinib ketasan kishi. O'zi «Yuventus» futbolchisi bo'lsada, uni «Milan» klubi ham , «Chelsi» jamoasi ham o'z safida olib qolishni istamadi. Uning haftasiga 300 ming evro maoshi «Yuventus»ni tobora o'ylantirib qo'ymoqda. «Chelsi» tomonidan ortga qaytarib yuborilgan Iguain «Yuventus»ning kelajagi deb qaralayotgan Moyze Kingni safdan chiqarib yuborishi hech gap emas. Gap shundaki, Sarri hujumchilardan birini ijaraga berish niyatida. Iguainning maoshi sababli birorta klub uni vaqtinchalik safiga qo'shib olmoqchi emas. Moyze King borasida esa, «Yuve» bir nechta takliflar olishga ulgurdi. Bechora Iguain, omadsizlik uni tinimsiz ta'qib qilib bormoqda.
Oskar
Xitoy birinchiligida 3 yildan beri to'p surayotgan braziliyalik futbolchi endigina 27 yoshga to'ldi. Bu hali u uchun evropa yashil maydonlariga yo'l berkilmaganini anglatadi. Darhaqiqat, transfer oynasi ochilishi zahotiyoq Oskar uchun bir nechta «ko'hna qit'a» klublari taklif bilan chiqishgan bo'lsada, futbolchining haftalik maoshini eshitib ortga qaytishdi. Uni bir mavsum ijaraga olishni reja qilgan «Inter» klubi esa, o'z niyatidan butkul qaytdi. Gap shundaki, futbolchining chin yurtida haftalik maoshi 400 ming funt sterlingdan birozgina ko'proq. Futbolchi klubi bilan yangi shartnoma borasida shu kunlarda muzokaralarni boshlash arafasida turibdi. Shunisi aniqki, Oskar o'zining eng gullagan davrlarini katta maoshli shartnomalarga boy berib bo'ldi.
Bu ro'yxatda peshqadam bo'lgan Beyl, Neymar, Aleksis singari futbolchilarni qo'shmadik. Sababim ular haqidagi bunday ma'lumotlar hech kimga sir emas.