Vitaliy Denisov: «Sog'lig'im bilan muammo yo'q, allaqachon tiklanib olganman»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 4909
Moskvaning «Lokomotiv» klubi himoyachisi, ayni paytda «Krilya Sovetov» safida ijara asosida to'p surayotgan Vitaliy Denisov «Sovetskiy sport» nashriga intervyu berdi. Suhbat davomida, tabiiyki, uning Osiyo Kubogiga arafasidagi O'zbekiston terma jamoasi tarkibiga jalb etilmagani haqida ham so'z bordi.
– Bir vaqtlar «Valensiya»ni EChL finaliga olib chiqqan, JCh-2018ga esa Misr termasi bilan kelgan taniqli argentinalik Ektor Kuper bilan tanishishga ulgurdingizmi?
– Men jamoaning bitta yig'inida va bir o'yinida qatnashdim, ammo keyin jarohat oldim. Navbatdagi muhim yig'inga esa Kuper meni chaqirmadi. Hozir terma jamoa Turkiyada shug'ullanyapti. Men u erda emasman. Ammo sog'lig'im bilan muammo yo'q, allaqachon tiklanib bo'lganman.
– Ehtimol, Kuper RPLni u qadar ham sinchiklab kuzatib bormayotgandir?
– Yaxshisi uning o'zidan so'rash kerak. Kuperdan chaqiruv olmagan futbolchi yagona men emasman. Koreya chempionatidagi Sanjar Tursunov, «Orenburg»da doimiy ravishda o'ynab kelayotgan Vadim Afonin ham jamoa safida emas. Ularni hatto kengaytirilgan tarkibga ham kiritishmadi.
– Osiyo Kubogini Millatlar ligasining Rossiya termasi ishtirok etgan «B» divizioni darajasiga tenglashtirsa bo'ladimi?
– Men Millatlar ligasi bilan emas, Evro bilan parallel o'tkazgan bo'lardim. Osiyo termalari tarkibida Evropadagidek yulduzlar ko'p emasligi tushunarli, ammo etakchi jamoalarning saviyasi ancha yuqori. Angliya, Frantsiya, Germaniya chempionatlarida to'p suruvchi raqib futbolchilarga qarshi o'ynashimizga to'g'ri kelardi.
– O'zbekiston terma jamoasining Osiyo Kubogidagi eng yuqori natijasi 2011 yilda egallangan 4-o'rin bo'lib qolyapti. Yaqin kelajakda medallar uchun kurasha olishi qanchalik haqiqatga yaqin?
– Hozir Kuper qaysidir bosqichda yangi jamoani quryapti. O'z uslubini o'yinchilarga singdirish uchun unga vaqt kerak. Bir lahzada muvaffaqiyat qozonishni kutish noo'rin. Ulardan hech kim buni talab qilayotgani ham yo'q.
Suhbatning quyida keltirilayotgan birinchi qismida Denisovning klub futbolidagi faoliyati haqida so'z ketgan. Eslatib o'tamiz, Vitaliy o'tgan mavsum «Lokomotiv» safida Rossiya chempioni bo'lgan, yozda esa bir yillik ijara shartnomasi asosida «Krilya Sovetov» tarkibiga o'tgan edi. U RPLning ortda qolgan 17ta turidan 6tasida maydonga tushdi.
– Nega «Loko» bilan yig'inda qatnashib, «Krilya»ga ijara asosida yo'l oldingiz?
– Yoshim 31ga borib qoldi. Mening yoshimdagilar zaxirada kutib o'tirishi qiyin, doimiy o'yin amaliyotiga ega bo'lishni istashadi. Lekin jarohat olgach, afsuski, asosiy tarkibdagi muqim o'rnimni yo'qotdim. Shu omil Samaraga kelishimda asosiy rolni o'ynadi.
Shunga urg'u bermoqchimanki, men «Loko»ni hech qanday kelishmovchiliksiz tark etdim. Agentim telefon qilib, Tixonov meni jamoada ko'rishni istayotgani haqida aytdi. Bu variant meni darhol qanoatlantirdi. Klublar ham tezda kelishib olishdi.
– Sizni Tixonov chaqirgan edi, hozir esa Bojovich qo'l ostida o'ynayapsiz.
– Bojovich «Lokomotiv»ga bosh murabbiy bo'lib kelganida yaqindan tanishganmiz. Shuning uchun ham murabbiy almashishini xotirjam qabul qildim. Maydonga tushishda davom etyapmanmi, demak, Bojovich menga ishonmoqda.
– «Krilya» sizni mavsum ijaraga olgan. Shundan so'ng Moskvaga qaytishni istarmidingiz?
– Bu erda faqat istakning o'zi kamlik qiladi. «Lokomotiv» tomonidan qiziqish bo'lishi kerak. Buni bosh murabbiy hal qiladi. Hozir «Krilya»ga maksimal darajada foydam tegishi haqida o'ylayapman.