“Xalqaro Olimpiya kuni” yurtimizda “Xalq sayli” tarzida nishonlanmoqda
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 570
Bu yilgi “Olimpiya kuni” ilk marotaba butun Respublikamiz bo'ylab umummilliy xalq sayli tarzida nishonlanmoqda. Bundan ko'zlangan maqsad – yurtimiz aholisining turli qatlamini, ayniqsa, yoshlarni mana shunday ezgu g'oya ostida birlashtirish, ularni sportga jalb etish sanaladi.
6 iyul sanasiga belgilangan mazkur tadbirga tayyorgarlik allaqachon boshlanib ketgani diqqatga sazovordir. Respublikamizning turli hududlarida ushbu kunga bag'ishlangan ommaviy sport tadbirlari o'tkazilmoqda.
Yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, Olimpiya harakatini rivojlantirish, Olimpizmning ezgu g'oyalarini ilgari surish maqsadida tashkil etilayotgan ushbu tadbirlarda ko'p sonli yoshlar ishtirok etayotgani barchani quvontirishi tabiiy.
O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham “Olimpiya kuni”ni nishonlash butun Respublikamiz bo'ylab umummilliy xalq sayli tarzida tashkil etilayotgani va ushbu tadbirning yanada keng qamrov olib, bu orqali jamoatchilikning sportga bo'lgan e'tibori ortishi, yosh avlodning sport bilan do'st tutinishi uchun amalga oshirilayotgan say'i-harakatlarni qo'llab-quvvatlaydi hamda bu borada barchaga omad tilab, yurtimiz ahlini ushbu katta sport shodiyonasi bilan qutlaydi.