Amerika kubogi. Yaponiya Urugvay bilan o'yinda g'alabani qo'ldan chiqardi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 882

Amerika kubogi guruh bosqichining 2-turi doirasidagi yana bir qiziqarli o'yin Urugvay va Yaponiya terma jamoalari o'rtasida bo'lib o'tdi.
Chiliga qarshi dastlabki tur bahsida yaxshi o'ynaganiga qaramay yutqazib qo'ygan "samuraylar" bu safar ochko olishga muvaffaq bo'lishdi. Ular urugvayliklarga qarshi to'qnashuvda o'z imkoniyatlaridan samarali foydalanishdi. O'yinning 25-daqiqasida Miesi bir himoyachini aldab o'tdi va o'tkir burchak ostida aniq zarba berib, hisobni ochdi.
Oradan ko'p o'tmasdan hakam VAR tizimi yordamida osiyoliklar darvozasi tomon penalti belgiladi. Luis Suares 11 metrli zarbadan hisobni tenglashtirdi.
Janubiy amerikaliklar tanaffusga hisobda oldinga chiqqan holda yo'l olishlari mumkin edi. Ammo olis masofadan yo'llangan zarbadan so'ng to'p to'singa tegib qaytdi. Ikkinchi bo'lim boshida esa hakam Urugvay darvozasi tomon penalti belgilashi mumkin edi. Ammo u qoidabuzarlikni e'tiborga olmadi.
O'yinning 59-daqiqasiga kelib yaponlar chap qanotdan hujum tashkil qilishdi va darvozabon qaytargan to'pni yana o'sha Miesi darvozaga joylab, jamoasini yana oldinga olib chiqdi.
Oradan 7 daqiqa o'tib burchakdan etkazilgan uzatmani Ximenes bosh bilan Yaponiya darvozasiga joyladi va muvozanatni tikladi.
Shu tariqa, ikkinchi turdan so'ng Urugvay 4 ochko bilan peshqadamga aylangan bo'lsa, Yaponiya 1 ochko bilan 3-o'rinni egallab turibdi.
Amerika kubogi, "S" guruhi, 2-tur
Urugvay – Yaponiya 2:2 (1:1, 1:1)
Gollar: 0:1 – 25 Miesi, 1:1 – 32, penalti Suares, 1:2 – 59 Miesi, 2:2 – 66 Ximenes.
Urugvay – Muslera, Kaseres, Ximenes, Godin, Laksalt (Gonsales, 28), Nandes (de Arraskaeta, 60), Torreyra, Bentankur, Lodeyro (Valverde, 73), Suares, Kavani.
Yaponiya – Kavasima, Ivata (Tatsuta, 87), Ueda, Tomiyasu, Sugioka, Miesi (Kubo, 83), Sibasaki, Itakura, Nakadzima, Okadzaki, Abe (Ueda, 67).
Ogohlantirishlar: Ueda (31), Nakadzima (78).

Bosh sahifaga
179