So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Transferlar qanday amalga oshiriladi? Asosiy tushunchalar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1532
Iyun oyidan butun Evropada navbatdagi transfer oynasi ochildi va biz endi salkam uch oy davomida transferlar haqida xabarlar o'qiymiz.
Ushbu mavzudagi yangiliklarni kuzatishda paydo bo'lishi mumkin bo'lgan savollardan kelib chiqib, transferlar jarayoni, narxlar va kelishuvlarning qanday sodir bo'lishi va boshqa muhim jihatlar haqida hikoya qilamiz. Maqolada Independent nashri jurnalisti Jon Koenning materialidan ham foydalanilgan.
Narxlar qanday hosil bo'ladi?
Bu futbol muxlislari orasida eng ko'p muhokama bo'ladigan, shu bilan birga eng ko'p tushunmovchiliklarga sabab bo'ladigan mavzulardan biridir. Sababi, misol uchun, ushbu yozda «Borussiya» tarkibida atigi bir yil yaxshi o'yin o'tkazgan Jeydon Sancho 100 million funtga, «Oltin to'p»ning oxirgi egasi Luka Modrich esa undan besh barobar arzon narxga sotilishi mumkin. Bu nimasi?
Ammo vaziyatga chuqurroq qaralganda, har qanday transfer qiymatining mantiqan asosli faktorlar evaziga yuzaga kelishini ko'ramiz.
Birinchidan, klublar o'z moliyaviy xarajatlarini hisobga olishda, alohida bir davrdagi transfer qiymati e'tiborga olinmaydi. Klub bir yozda xaridlar uchun 300 million funt sarflasa, bu o'sha klubning o'sha davr uchun shuncha pul sarflaganini anglatmaydi. UEFA Fair Play tekshiruvlarini amalga oshirganda ham bu yo'ldan bormaydi.
Futbolchi 50 million funtga sotib olindi. U bilan yiliga 5 million funtlik besh yilga shartnoma imzolandi. (50+25)/5 = 15. Klub bu futbolchi uchun yiliga 15 million funt xarajat hisoblanadi. Luka Modrich «Real»da katta maosh oladi, shuning uchun, madridliklar uni sotayotganda, aynan o'sha miqdorda yoki undan ko'p maosh to'lay oladigan klub bilan kelishishga majbur. Yoki Modrichning o'zi maoshining pasayishiga rozi bo'lishi kerak bo'ladi. Bundan kelib chiqadiki, Luka Modrichning maoshi Sanchonikidan bir necha barobar ko'p. Demak, xarajatlar yillarga sochib yuborilganda, aslida Sancho Modrichga nisbatan besh barobar qimmatga tushmaydi.
Ikkinchidan, futbolchining yosh ekani ham muhim sanaladi. Chunki Modrich yana uzog'i bilan 2-3 yil yuqori saviyada o'ynaydi, undan keyin yo futbolni tark etadi yoki arzonroq narxga sotilishi mumkin. Ya'ni, xorvatiyalik futbolchi bilan qayta shartnoma imzolab, keyin yaxshi narxga sotib yuborish orqali, xarajatlarni qoplash imkoniyati yo'q. Sancho holatida aksincha, 18 yashar futbolchi 5 yildan keyin ham 23 yoshda bo'ladi va uni hatto hozirgidan ko'ra qimmatroq narxga sotib yuborish imkoniyati bor. Shu orqali, klub Sancho transferidan hatto foyda qilishi ham mumkin.
Uchinchidan, narxlar shakllanishida futbolchi va klub o'rtasidagi joriy shartnoma muddati ham katta ahamiyatga ega. Odatda, klublar futbolchining shartnoma muddati bir yil qolganda, «tipirchilab» qoladi. Bu davrda kerakli futbolchi bilan qaytadan shartnoma tuzilishi shart. Aks holda, u kelasi mavsumda erkin agentga aylanishi va tekinga ketib qolishi mumkin. Agar qaytadan shartnoma tuzish imkoni bo'lmasa, klub imkon qadar u futbolchini sotib yuborishga urinadi. Hech bo'lmasa, qaysidir miqdorda pul olib, futbolchiga o'tgan davrda qilingan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun. Bu vaziyatni boshqalar ham bilib turadi. Shuning uchun ham shartnoma muddati kam qolgan futbolchining narxi nisbatan arzon bo'lishi turgan gap. Aytaylik, Levandovski uchun 40, Lukaku uchun 80 million to'lansa, bu belgiyalik futbolchining ikki barobar zo'r o'yinchi ekanini anglatmaydi.
Tebas yoki Al Muborak? Kim haq?
Yaqinda La Liga prezidenti Xaver Tebas va «Manchester Siti» direktorlar kengashi raisi Xaldun al Muborak o'rtasida dahanaki jang bo'lib o'tdi. Tebas avvalroq, «Manchester Siti» va «PSJ» kabi klublar transfer bozoriga salbiy ta'sir o'tkazayotganini aytib chiqqandi. Al Muborak esa aslida transfer rekordlarini urishni «Real» va «Barselona» boshlaganini ro'kach qildi.
Haqiqatan ham transfer qiymatlari juda tez sur'atlarda oshib bormoqda. Atigi ikki yil oldin Antoni Marsiyalning 50 million funtga «Manchester Yunayted»ga o'tishi qay darajada shov-shuvga sabab bo'lgan bo'lsa, hozirda Evropa futbolida umuman nomi chiqmagan Joau Felish kabi yosh futbolchilar uchun ikki barobar ko'p narxlar belgilanyapti. Yuqoridagi mutaxassislarning qaysi biri haq?
Menimcha, javob ularning o'rtasida va Joze Mourino bir yil oldin bu mavzu haqida to'g'ri fikr bildirgandi.
«Gap Neymar yoki Pogbaning juda yuqori transfer qiymatida emas. Bunday darajadagi iqtidorli yulduzlar dunyoda nari borsa, 4-5 nafar xolos, ularga har qancha pul to'lanishi bozorga ta'sir qilmaydi. Bunday yulduz futbolchilar marketing nuqtai nazaridan ham yaxshi daromad keltiradilar va aytganimdek, ular ko'p emas. Butunlay bozorga ta'sir qiladigan holat – masalan oddiy qanot himoyachisini 50 millionga sotib olishdir. Ha, ular yaxshi, foydali o'yinchilar, ammo shunchaki, «Manchester Siti» bir qanot himoyachisiga 50 million to'ladi. Bu degani, tarkibdagi har bir futbolchi kamida shu narxda bo'lishi kerakligini anglatadi. Bu holat futbol olamida faqat yulduzlarni emas, hammaning narxini oshiradi. Bozorga ta'sir qiladi», – degan endi Joze Mourino.
Transferlar muzokaralari qanday ishlaydi?
Har qanday transfer muzokarasi bir paytning o'zida uchta muhim yo'nalishda olib boriladi.
1) Sotuvchi va sotib oluvchi klublar o'rtasida transfer narxini kelishish;
2) Sotib oluvchi klub va futbolchining agenti o'rtasida futbolchining shaxsiy shartnomasi bo'yicha;
3) Sotib oluvchi klub va futbolchining agenti o'rtasida, agentga to'lanadigan to'lovning hajmi bo'yicha.
Sotayotgan klub avvalo, xaridor klub va futbolchi o'rtasida muzokaralarni boshlash uchun ruxsat berishi kerak bo'ladi, ammo amaliyotda turli «o'rtakashlar» ham mavjud bo'lib, ular rasmiy so'rovdan oldin futbolchining fikri bilan qiziqadilar va xaridor klubga etkazadilar. Bunday holatlarda ko'pincha, noqonuniy ravishda futbolchi bilan aloqaga chiqish deb tushuniladi va ish ayblovlargacha etib borishi mumkin. Masalan, ikki yil avval, yozda, «Sauthempton» «Liverpul»ni Virjiyl van Deyk bilan mana shunday muzokaralarda aybladi va mersisaydliklar rasman uzr so'rashdi. Natijada, to'rt oy o'tib, «Liverpul» halol yo'l bilan bordi va niderlandiyalik himoyachi o'z ampluasi uchun rekord narxda sotib olindi. Aks holda, klublar futbolchi bilan kelishib qo'yib, unga ta'sir o'tkazishlari mumkin. Futbolchi ketaman, deb turib olsa, klub uni arzon qo'yib yuborishga majbur bo'lishi mumkin. Bu noto'g'ri.
«Liverpul»ning o'zi ham, ikki marta mana shunday vaziyatga tushib qolgan. Ammo Koutino bilan ham, Suares bilan ham bog'liq holatlarda, klub o'z pozitsiyasida qat'iy turishga muvaffaq bo'lgan. Har ikki futbolchi ham klub istagan paytda va klub istagan narxlarda «Barselona»da sotilgan.
Transfer bo'yicha muzokaralar asosan WhatsApp tarmog'i orqali amalga oshiriladi.
Agentlar va klub rahbarlari asosan mana shu tarmoqdan foydalanishni afzal ko'radilar. Haqiqatan ham, bu elektron pochtasidan ko'ra osonroq, hammaning telefoni doim o'zi bilan, guruh chatlarini amalga oshirishga qulay, jo'natilgan xabarning ochib o'qilgani haqida o'z vaqtida bilish mumkin, dunyoning istalgan nuqtasidan yozish va gaplashish imkoni mavjud.
Bundan tashqari, klub xodimi yoki rahbari boshqa mamlakatga ketishi, boshqa klubda ish boshlashi, elektron manzil yoki telefon nomerlarini o'zgartirishi mumkin, ammo WhatsApp manzili o'zgarmay qoladi. Bu esa, aloqani qayta o'rnatish, kerakli odamning kontakt ma'lumotlarini izlab topishni osonlashtiradi. Xullas, futbol olamida bu ijtimoiy tarmoq juda keng qo'llanadi.
Ba'zi kelishuvlar nega transfer oynasi ochilmasidan oldin ham e'lon qilinadi?
Masalan, «Manchester Siti» ikki yil oldin Bernardo Silvaning transferini 26 may kuni e'lon qildi. Klub aslida 1 iyulgacha yangi transferni ro'yxatga olishi mumkin emas, ammo bu klubga futbolchi bilan kelishish, shartnoma imzolashga xalaqit bermaydi. Aksariyat klublarda moliyaviy yil 1 iyuldan kelasi yilning 30 iyunigacha davom etadi, ya'ni kelasi transfer oynasi ochilguncha - bu transferlarning hisob-kitobi, yilning moliyaviy baholanishi uchun qulay.
Ammo klublar ba'zida transferlarni eski yilga hisob-kitob qila oladilar. Misol uchun, «Barselona» Fabregasni «Chelsi»ga 2014 yilning iyunida sotdi va o'sha transferdan qilingan daromadni aynan tugayotgan yilning daromadlariga qo'shdi. Lekin baribir, «Chelsi» Fabregasni 1 iyulgacha ro'yxatga ololmasdi.
Shu bilan birga, marketing nuqtai nazari ham bor. Ryudigerning transferi kechroq e'lon qilinganini oling. «Chelsi»ning Adidas bilan shartnomasi 30 iyunga qadar bo'lib, 1 iyuldan Nike bilan shartnoma boshlandi. «Chelsi» Nike bilan 15 yillik 900 millionga shartnoma tuzgan. O'z-o'zidan londonliklar iyuldan oldin Ryudiger transferini yangi homiyga raqobatchi bo'lgan eski homiy - Adidas formasida e'lon qilishdan foyda yo'q edi. Axir yangi futbolchini yangi homiy tikkan forma bilan tanishtirish mantiqan to'g'ri keladi.
Bunday holatlarda klublar yangi homiy bilan shartnoma muddati boshlanishini kutadilar. Shuning uchun ham, ba'zi go'yoki aniq amalga oshirilgan transferlarning ham rasmiy e'lon qilinishi cho'zilib ketadi.
Nega futbolchilar barteri kam amalga oshiriladi?
Bir qaraganda, bunday kelishuvlar juda foydali va oson ko'rinadi. Ammo ba'zi istisnolarni (Gallas/Koul, Matich/Luiz, Mxitaryan/Sanches) e'tiborga olmasa, bunday kelishuvlar deyarli amalga oshirilmaydi. Yuqorida tilga olganimizdek, bir futbolchining boshqa klubga o'tishi uch tomonlama kelishuv bilan amalga oshiriladi. Endi, narigi tomonda ham futbolchi bo'lsa, ikki barobar tasavvur qilavering. Buning ustiga har ikki futbolchi ham narigi klubda o'ynashga rozi bo'lishi kerak.
Esingizda bo'lsa, «Real» va «MYu» o'rtasida mana shunday kelishuv amalga oshishiga yaqin turgandi. Aslida so'nggi daqiqalarda bir qancha transferlar amalga oshishini ko'ramiz, o'shanda vaziyatni cho'zib yuborgan jihat ham, ishlamay qolgan faksdan tashqari, mana shunday olti tomonlama kelishuvlar bo'lgandi. So'nggi daqiqalarda Navasning «MYu» bilan shartnoma shartlarida muammolar paydo bo'lgani haqida ham xabarlar chiqqandi.
Financial Fair Play transferlar oyog'iga boltami?
Qisman olganda, ha. Bu qoida futbol klubining transfer bozoridagi xarajatlari aynan futbol faoliyatidan oladigan daromaddan oshib ketmasligini talab qiladi. Bu badavlat investorlarning katta pullarni bozorga olib kirishlarini cheklaydi.
Ammo ushbu qoidaning ishlash printsipini ko'pchilik boshqacha tushunadi. Misol uchun, bir klubning ma'lum bir transfer bozoridagi sarflarini hisoblab, mazkur qoidaga mos kelmayotgani haqida gapira boshlaydilar. Aslini olganda esa, qoida biroz farqli ishlaydi.
Birinchidan, hisob-kitoblar faqat bir yoki transfer darichasi uchun amalga oshirilmaydi, balki bir necha moliyaviy yil inobatga olinadi.
Esingizda bo'lsa, «Inter» iyun oyida qaysidir futbolchisini sotishga majbur ekani haqida ko'p yozildi va «MYu» Ivan Perishichni sotib olishga harakat qildi. Sababi, aynan iyun oyida oxirida nihoyasiga etadigan moliyaviy yilda «Inter» daromadlari oldingi yillarda qilingan transferlarni qoplashga ozgina etmayotgandi. Keyinchalik, qo'shimcha homiylik shartnomalari orqali «Inter» bu masalani hal qildi va milanliklar Perishichni sotishi shart bo'lmay qoldi.
Tovon pullari nima?
Ba'zida, chigallik yuzaga keladi, masalan bir klub futbolchi uchun belgilangan tovon pulini to'lashga rozi bo'ladi, ammo baribir transfer amalga oshmaydi. Gap shundaki, aslida ikki xil tovon puli mavjud: haqiqiy va «adolatli».
Haqiqiy tovon pullari - agar xaridor klub belgilab qo'yilgan badal pulini to'lab bersa, klub futbolchini sotishga majbur bo'lib qoladi. Shuning uchun, klublar avvaldan shartnoma shartlarini og'ir qiladilar va haqiqiy tovon pullarini juda yuqori belgilab qo'yadilar. Ayniqsa, APL klublari bu borada pishiq ishlashadi: futbolchi uchun belgilangan tovon pullari tizimi APLning boshqa klublariga o'tmaydigan qilib qo'yishadi. Portugaliya klublari odatda, futbolchini sotib olmoqchi bo'lgan boshqa portugal klublari uchun tovon pullarini 3-4 barobar qimmat qilib belgilab qo'yadilar.
«Adolatli» tovon pullarining uncha ta'siri yo'q, bu shunchaki, o'sha belgilangan summani taklif etgan xaridor klub bilan muzokaralar stoliga o'tirishni talab qiladi, xolos. Klub o'sha pulga rozi bo'lmasligi, narxni har qancha ko'tarishi ham mumkin.
Futbolka sotish orqali yirik transferlar qoplanishi mumkinmi?
Esingizda bo'lsa, o'tgan yili Krishtianu Ronalduning transferi ma'lum vaqt ichida futbolkalar savdosi orqali qoplangani aytilgandi. Bu noto'g'ri fikr.
Adidas, Nike kabi kompaniyalar tuziladigan homiylik shartnomalari oddiy homiylik shartnomalaridan farq qiladi. Misol uchun, Adidas «Yuventus» bilan katta miqdorda shartnoma tuzdimi, bu kompaniyaning o'z mahsulotlarida klub brendidan foydalanish imkonini ham beradi. Ushbu kompaniyalarning mana shunday yirik transferlarda bosh-qosh bo'lishlari (Pogbaning «MYu»ga o'tishdagi holatni eslang) ham shundan. Kompaniya o'zi homiylik qilayotgan klublarda imkon qadar brend futbolchilarning, yulduzlarning to'p surishini istashadi. Bu ba'zida jamoaning futboldagi natijalaridan ham kattaroq ahamiyat kasb etib yuboradi.
Albatta, Ronalduning transferi «Yuventus»ga marketing sohasida katta daromadlarni olib kelishi bor gap. Klub imiji, dunyo bo'ylab e'tiborning oshishi, translyatsiyalardagi ulush o'z-o'zidan klubning marketing bo'yicha muzokaralarida qo'l keladi, kelishuv summalarini sezilarli darajada oshirishi turgan gap. Masalan, Ronalduning Turinga o'tishi haqidagi mish-mishlar paydo bo'lgan kundan boshlab bugungacha, «Yuventus»ning aktsiyalari 33 foizga oshgan. Ammo yuqorida aytilganidek, klublarning futbolka sotish orqali transfer qiymatini osongina qoplashlari to'g'ri ma'lumot emas.
Futbolkalar, klub liboslarini ishlab chiqarish, sotish va foyda ko'rish bilan klub emas, aynan Adidas, Nike kabi kompaniyalar shug'ullanishadi. Klublar faqat avvaldan belgilab qo'yilgan yillik to'lovlarni va qo'shimcha futbolkalar sotuvidan tushgan daromadning 10-15 foizini oladi, xolos. Misol uchun, Adidas Ronalduning futbolkasidan 55 million evro daromad qilgan bo'lsa, «Yuventus»ga shundoq ham har yili oladigan summasiga qo'shib, 55 millionning 10-15 foizi – 5-8 million evro berishi mumkin, xolos. Ya'ni, yirik transferning to'lig'icha, hatto yarmi ham sotilayotgan futbolkalar yordamida qoplanishi deyarli imkonsiz ish.
Bundan tashqari, yangi futbolchining transferi futbolka bozorini larzaga keltira olmaydi. Aksariyat hollarda, shundoq ham har yili futbolka sotib oladigan muxlislar bu safar yangi yulduz futbolchining libosini sotib olishga urinishadi. Ya'ni, yulduz futbolchining futbolkasi boshqalardan ko'proq sotilishining ortida qaysidir boshqa futbolchining futbolkasi sotilmasligi, savdosining kamayishi yotadi.
To'g'ri, Krishtianu Ronaldu – istisno, dunyo bo'ylab uning personal muxlislari millionlab topiladi. Yoki futbolchi tug'ilib o'sgan yurtda savdo sezilarli oshishi (esingizda bo'lsa, «Manchester Yunayted» va «Arsenal» klublari o'z saflariga xitoylik futbolchilarni qo'shib olgandilar) kuzatilishi xolos. Boshqa joylardagi «Yuventus» muxlislari esa, shundog'am futbolka sotib olishni rejalashtirgan bo'lishadi va xaridni amalga oshirganda - shunchaki, yangi futbolchi ismi tushirilgan futbolkani tanlashadi.
Qahramon Aslanov tayyorladi