Turkiya superkubogi Toshkentda o'tkaziladimi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1375
49Feysbukning Maslahat.uz guruhida Dilshod Haitmetov qiziq voqea haqida hikoya qilgan.
Bugun Istanbuldagi "Javohir" savdo supermarketida qiziq bir voqeaning guvohi bo'ldim. Yaqinlarimga esdalik sovg'alarini ola turib, "Beshiktosh" "firmenniiy" magaziniga kirdim va kalitga taqiladigan "brelok"lardan sotib oldim. Sotuvchi qiz breloklarni "Beshiktosh" rasmi tushirilgan tselofan paketga joylashtirdi. So'ngra "Galatasaroy" "firmenniiy" magaziniga kirdim. U erda ham "Galatasaroy" jamoasining breloklaridan harid qildim. Sotuvchi bola breloklarni "Galatasaroy" rasmi tushirilgan tselofan paketga solmoqchi edi, men unga:
— Kerak emas paket, — dedim va breloklarni olib, Beshiktosh paketiga joylashtirmoqchi bo'lgandim... Boyagi sotuvchi bolaning jahli chiqib, menga o'qrayib:
— Ol bu yoqqa breloklarni, "Beshiktosh" paketiga aralashtirma ularni. Agar mehmon bo'lmaganingda adabingni berardim, — desa bo'ladimi?
Uning bu do'q urishidan tushundimki, sotuvchi bola "Galatasaroy"ning ashaddiy muxlisi, ya'ni "fanat"i ekan. Men esa bilmay uning hamiyatiga tegibman.
Xullas hammasi yaxshi yakunlandi. Bahonada tanishib ham oldik. Sotuvchi bola "Galatasaroy" paketiga breloklarni sola turib, "Eshitishimcha, Turkiya superkubogi Toshkentda o'tkazilarmish, shu rostmi?", deb so'radi. Men hozirgi paytda shu masala ustida O'zbekiston va Turkiya futbol assotsiatsiyalari ishlashayotganini aytdim.
— Agar shunday bo'lsa, man albatta Toshkentga boraman, dedi sotuvchi.
— Albatta keling, birgalashib ko'ramiz, - deya magazinni tark etdim...
Ma'lumot o'rnida. 2019 yilgi Turkiya superkubogi bahsi "Galatasaroy" va "Akxisar Belediespor" jamoalari o'rtasida kechadi. "Galatasaroy" 2018/2019 yilgi mavsumda ham chempionlikni, ham mamlakat kubogini qo'lga kiritdi. "Akxisar Belediespor" esa Turkiya kubogi finaligacha etib keldi.