So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
G'oliblikning mashaqqatli yo'li
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 821
Ushbu mavsum Evropada kambeklar mavsumi bo'ldi. «Ayaks» «Real»ni safarda yirik hisob bilan engib, ajoyib ertakni boshlab bergan bo'lsa, keyin ular «Yuventus» bilan o'yinda ham shu ertakni davom ettirdi.
So'ngra «Tottenxem» nomli ertak. Ular dastlab APLdagi mag'lubiyatlar uchun «Siti»dan boplab o'ch olishdi. Bu o'yin EChLni bezab berdi. Hali bu holva ekan. Yarim finalda «Tottenxem» deyarli bir oyog'i bilan finalda turgan «Ayaks»ni yo'ldan olib tashladi.
«Liverpul»- «Barselona» to'qnashuvi alohida mavzu. Bunaqa o'yin futbol tarixini bezaydi. Muxlislar qalbida uzoq vaqt saqlanib qolibgina emas, hech qachon unutilmaydi. «Liverpul» 2005 yilda Istanbuldagi qahramonligini «Enfild»da takrorlay oldi. Endi ana shu o'yin haqida alohida to'xtalib o'zimning ayrim farazlarim bilan o'rtoqlashmoqchiman. Ulardan biri agar Saloh va Firmino o'ynaganda ehtimol «Liverpul» finalga chiqolmasmidi?
Ma'lumki, «Liverpul» finalga chiqqani bilan ular bu mavsum EChLda qiynalishdi. «O'lim guruhi»dan o'rin olgan mersisaydliklar safardagi 3 ta o'yinni ham berishdi. Belgradda «Tsrvena Zvezda»da qabul qilingan mag'lubiyatdan keyin, o'z maydonida «Napoli»ga qarshi bahsda so'nggi soniyalarda Alisson seyv ko'rsatmaganda hozir biz finalda «Liverpul»ni ko'rmasligimiz mumkin edi. Saloh va Firmino masalasiga kelsak, ulardan biri Kataloniyadagi bahsda «Barselona» futbolchilarning qurshovida qolib ketdi. Natijada «qizillar»ning hamma urinishlari o'shanda chappasiga ketdi. Javob o'yinida esa nuqul zaxira o'tiraverib zerikib ketgan Veynaldum, Shakiri, Origi kabilarga hayotidagi eng unutilmas damlarni o'tkazishga imkoniyat tug'ildi. Ular bu vazifani ortig'i bilan uddalashdi.
Yana bir holat, menimcha, «Liverpul»ni finalga chiqishi uchun kifoya qildi deyish mumkin. Esingizdami, «Kamp Nou»da Messi uchinchi golni urgandan keyin, «Liver»da imkoniyat paydo bo'ldi. Salohning zarbasi ustunga tegib qaytganda «Liverpul» muxlislari o'rinlaridan sakrab turishdi. Ehtimol, gol bo'lganda javob o'yinida jamoamizga oson bo'lardi deyishdi ular. Lekin gol bo'lganda ularning jamoasiga oson emas, qiyin bo'lishi mumkin edi. Sababi, o'z maydonida gol o'tkazib yuborgan «Barselona» safarda masalaga jiddiyroq yondashishi mumkin edi.
«Barcelona» javob o'yinida finalga chiqqaniga ertaroq ishonib yubordimi? Menimcha, yo'q! Birinchi bo'limda Messi, Suares, Alba tomonidan berilgan zarbalarni eslang. Agar darvozada Alisson Bekerdan boshqa darvozabon bo'lgandami? Shunchaki, «Liverpul» ishtiyoq kuchlilik qildi. Ular «Barsa»ning yoshi o'tib qolgan futbolchilaridan tezroq yugurishdi. Yarimta imkoniyatdan ham unumli foydalanishdi, o'yin oxirigacha kambek haqida, final haqida, mo''jiza haqida, qahramonlik haqida o'ylashdi. Natijada Saloh, Mane, Firminoning zaxiraga olinishini kutib o'tiradigan Shakiri, yulduzli onlari asta-sekin o'tmishda qolishi aniq bo'lib borayotgan Veynaldum, boshqa jamoalarga ijaraga berilaverib-berilaverib hatto gol urishni ham esdan chiqarib qo'ygan Origi, jamoada Stiven Jerrardning munosib o'rinbosari deb qaralayotgan, ammo hali katta o'yinlarga tajribasi etishmaydi deb qaralayotgan Trent Aleksander-Arnold «Liverpul»ni tarixiy g'alaba sari etaklashdi.
«Tottenxem» ko'rsatgan qahramonlik ham «Liverpul»nikidan kam bo'lmadi. Ularda ham asosiy ishni zaxira fuqarosiga aylantirilgan futbolchilar bajarishdi. «Etihad stadium»dagi qahramonlikda o'z hissasini qo'shgan Son Xeung Mindan tashqari 34 yoshli Fernando Lorente o'yindagi hal qiluvchi golni kiritdi. Ispaniyalik futbolchini ko'pchilik esdan chiqarib yuborgani tabiiy. Agar Xarri Keyn jarohat olmaganda biz uni hech qachon maydonda ko'rmasligimiz ham mumkin edi. Aslida u hozirgi kunda finalda o'ynashi mumkin bo'lgan futbolchilarning hammasidan ko'ra saviyaliroq sovringa ega — Ispaniya terma jamoasi bilan jahon va Evropa chempioni bo'lgan. Endi navbat Chempionlar ligasi g'olibligiga...
Yarim finalda «Ayaks»ga qarshi kechgan dramatik bahs. Bu o'yinda «qizil lolalar» har tomonlama «Tottenxem»dan ustun ekanligini ko'rsatishdi. Ammo londonliklardagi g'alabaga bo'lgan ishtiyoq oxirigacha so'nmadi. O'z maydonidagi mag'lubiyatdan so'ng «taqachilar» ustozi jurnalistlarga shunday intervyu berdi: «hali hisob bor-yo'g'i 0:1-ku».
Uning o'ziga ishongani bejiz emas ekan. «Tottenxem» nafaqat 0:1, balki 0:3 ni yo'qqa chiqarishga ham irodasi etar ekan. Ular tarkibida o'ynagan Denni Rouz va Lukas Moura har ikki yarim final o'yinida alohida ajralib turishdi. Ayniqsa, bir vaqtlar yuksak iqtidor egasi deb «Ko'hna qit'a»ga olib kelingan, zaxira o'tiraverib asta-sekin unutilib borayotgan Lukas Moura faoliyatidagi eng yaxshi o'yinni o'tkazdi. Shunday futbolchini Kopa Amerikaga olib ketmagan Braziliya terma jamoasi ustozi Titeni qanday tushunish mumkin?
Evropadagi kambeklar mavsumida ana shunday ertakmonand voqealarning guvohiga aylandik. Final qanday o'tadi bilmadim, bu mavsumning chiroyli o'tganiga hech qanday soya sololmaydi. Shunday bo'lsa ham finalda bundanda unutilmas taassurotlarni kutib qolamiz. Axir chiroyli davom etgan ertakning oxiri ham chiroyli tugashi kerak.
Safarali SIDDIQOV