So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Yakun! APLda saralar sarhisobi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 596
12 may sanasida poyoniga etgan APL birinchiligi o'zining betakror spektakllari va hayratga loyiq natijalari bilan muxlis-u mutaxassislarni chuqur mushohadaga undaydi.
Hatto biror-bir jamoaga jiddiy tarafkash bo'lmagan xolis muxlislar ham o'zlaricha nimalarnidir kashf etishadi, g'alaba yoki mag'lubiyat sabablarini aniqlashga urinishadi. Mavsumning yakuniy natijalarini batafsil o'rganish musobaqaning ayrim ob'ektiv jihatlaridan xabardor etadi. Bizningcha, ularning 3tasi taktika bilan, bittasi transferlar bilan bog'liq. Ana shu omillarga asoslangan holda chempionatdagi e'tiborli voqealar, masalan, «Vulverxempton»ning ajabtovur parvozi, chempionlik poygasi, top-oltilikdagi boshqa jamoalarning band etgan o'rinlari va jadval tubidagi vaziyatni izohlash mumkin bo'ladi.
Samarali transfer - muvaffaqiyat garovi!
Garchi bu anchayin siyqasi chiqqan aqida bo'lsada, uni tan olmaslikning iloji yo'q: transfer kampaniyasini muvaffaqiyatli o'tkazgan jamoalar mavsumni ham muvaffaqiyatli o'tkazdilar, agar ularni bir xil saviyadagi raqobatchilari bilan taqqoslasak. Nunu Santu har bir xaridida nishonga bexato urgan holda «Vulvz»ning barcha og'riqli pozitsiyalarini munosib ijrochilar bilan kuchaytirdi. Ha, unga Jorje Mendesh yaqindan yordam berdi, «bo'rilar» 80 mln. funt atrofida qarzga botishdi. Ammo debyutantlar ilk mavsumdayoq o'ta samarali to'p surishdi. Chap qanot himoyachisi Jonni Otto va hujumchi Raul Ximeneslar mavsum davomida Santuning ishonchli ijrochilariga aylanishdi va ko'pgina o'yinlarda maydonga tushishdi. Yarim himoyachi Dendonker murabbiyga o'yin sifatini pasaytirmagan holda 3-5-2 sxemasidan foydalanish imkoniyatini berdi. Bu futbolchilar mavsum boshida ijaraga olingan edilar. Jamoaning ikkinchi eng qimmat transferi bo'lgan Jota uchun «bo'rilar» atigi 16 mln. funt sarflashdi. Evaziga hujumchi debyut mavsumida 28 marta maydonga tushdi va 9ta gol urib, 5ta golga assistentlik qildi. Maydon markazida hukmronlikni o'z qo'liga olgan Moutinyu uchun sarflangan 5 mln. funt - sariq chaqadek gap.
Transfer bozoridagi salbiy namuna sifatida «Fulxem»ni ko'rsatish mumkin. Bir qarashda, jamoa jarangdor nomlar («Marsel»dan Angissa, «Nitstsa»dan Mishel Seri) va sifatli ijara («Borussiya Dortmund»dan Andre Shyurrle, «Arsenal»dan Chembers, «MYu»dan Fosu-Mensa va «Atletiko»dan Viettolar) bilan tarkibni kuchaytirgandek bo'lgandi. Ana shu o'zgarishlar uchun 100 mln. sarflandi, ammo bitta pozitsiyaga bir nechta futbolchilarni xarid qilib, tarkibdagi muvozanat buzib yuborildi. Oqibatda, Yokanovich va Raneri birdaniga yog'ilgan yulduzlar yomg'iridan shoshib qolishdi. Qo'shimchasiga, «Fulxem» ish haqi vedomostini oshirib yubordi: haftasiga sarflangan 816000 funt «Tottenxem» xarajatlaridan ikki baravarga oz, lekin 7-o'rinni egallagan «Vulvz»ning sarflaridan ko'proq, «Kardiff»nikidan naq 1,5 baravarga ko'p bo'ldi. Endi ayting-chi, Chempionshipga tushib ketgan jamoa Seri, Angissa va Mitrovichlarning har qaysisiga 3,5 mln. funtdan yillik ish haqi bera oladimi?
Transferlarga yangicha yondashgan «Brayton» 65 mln. funt bilan o'z muammolarini bartaraf etdi: futbol olamiga tanilib ulgurmagan, lekin skautlar orasida yaxshigina nufuzga ega bo'lgan futbolchilar tarkibdan joy olishdi. Biroq Xyuton jamoasi o'ta jo'n uslubda to'p surgani bois, yangi xaridlar ta'siri umuman sezilmadi.
Bu borada ijobiy ko'rsatkichga erishgan «Nyukasl» alohida e'tiborga molik. Benites Rondonni ijaraga oldi, Sherni tarkibga qo'shish uchun atigi 3,6 mln. sarfladi. Yakunda mana shu ikki futbolchi «Nyukasl»da mavsumning eng yaxshi o'yinchilari bo'lishdi.
Etakchi oltilik vakillari tomonidan amalga oshirilgan ishlar o'z-o'zidan tushunarli. «Liverpul» yozgi transferni a'lo darajada o'tkazdi. Klopp jamoasiga kelgan Fabino to'pning harakat tezligini oshirdi, Keyta murabbiyning rotatsiya imkoniyatlarini kengaytirdi, Alisson esa darvoza chizig'iga mustahkamlik bag'ishladi.
«Chelsi» Sarri uchun zarur bo'lgan Jorjinoni, pand bergan Kurtua o'rniga Kepani xarid qildi va ayni kerakli pallada Kovachichni ijaraga oldi: Loftus-Chik mavsum oxirida talab darajasida o'yin ko'rsata boshladi. Barkli esa italiyalik mutaxassis ishonchini to'la oqlay olmadi.
«Arsenal» himoya chizig'idagi muammolardan forig' bo'la olmadi. Unai Emeri Lixtshtayner va Sokratisdek faxriylarni xarid qilish bilan kifoyalandi. To'g'ri, yozda Leno va Torreyralar ham «to'pchilar» safini to'ldirishgandi. Biroq bu kamlik qildi. Shu o'rinda mutasaddilar nima uchun ish haqi xarajatlarining 15 foizini o'zlashtirayotgan Mesut Ozildan voz kechishmaganini tushunish qiyin. Shunga o'xshash voqea «MYu»da ham yuz bergan va yakunda Mourino jamoani tark etishga majbur bo'lgandi. Chunki uni qanot himoyachilari bilan ta'minlashmagani etmagandek, haftasiga 350000 funt oladigan Aleksis Sanchesni xarid qilishgandi. Ozil ham shuncha moyana oladi.
«Tottenxem» umuman hech qanday xaridni amalga oshirmadi: ha, Pochettino bir amallab jamoani EChL finaliga olib chiqdi. Lekin ichki musobaqada 4-o'rin bilan kifoyalanish - qoniqarsiz natija. Fikrimizcha, himoya chizig'idagi nosozliklar oqibatida ko'plab ochkolarni yo'qotgan «Arsenal» bu o'ringa munosibroq edi.
APLda grand pozitsion hujumda mohir bo'lishi lozim
Nazarimizda, aynan mana shu jabhadagi ustunlik joriy mavsum g'olibi taqdirini hal qildi, aynan shu pozitsion hujum sifatining yuqoriligi evaziga «Siti» «Liverpul»ning o'zib ketishiga yo'l qo'ymadi. Faol hujum chizig'i tomonidan amalga oshiriladigan tajovuzkor kombinatsiyalar puxta rejaga asoslangan himoya to'siqlarini bartaraf etishga qodir. Avvalgi mavsumda bu vazifani uddalay olmagan «Liverpul» ko'plab ochkolarni boy bergach, Yurgen Klopp asosiy e'tiborini pozitsion hujum sirlarini o'zlashtirishga qaratdi. U Fabinoni jamoaga taklif etib, o'ta vertikal 4-3-3 sxemasidan 4-2-3-1ga o'tdi. Keyin murabbiy o'z shogirdlari oldiga to'pni imkon qadar tezroq raqib jarima maydonchasiga etkazishni emas, aniq uzatmalar yordamida ishonchli tarzda samarali hujum uyushtirish vazifasini qo'ydi. Fabino himoya chizig'idagi vazifalarini to'liq o'zlashtirib olgach, Klopp 4-3-3 uslubiga qaytdi. Biroq kutilmaganda jamoa yana tez-tez ochko yo'qota boshladi: raqiblar butun jamoa bilan ortga chekingan holda chuqur himoya to'siqlarini barpo etishdi.
«Liverpul» poygani boy berdi. Nima uchun?
Yurgen Klopp jamoasi 7 ochkoli ustunlikni yo'qqa chiqardi - buni oldindan taxmin qilish qiyin emasdi. Chunki murabbiy mavsumning yakuniy bosqichida asosiy e'tiborini oldingi chiziqqa qaratdi, 5 kishilik himoya chizig'i umuman ko'rinmay qoldi. Xenderson ham himoya chizig'iga qaytmay qo'ydi. Kloppning bu tadbiri «Sautgempton», «Tottenxem» va «Chelsi»ga qarshi bahslarda «qizillar»ga qo'l keldi.
Darvoqe, top-oltilikning boshqa vakillari xususida: «Chelsi»ning «Tottenxem»dan o'zib ketishiga Mauritsio Sarrining hujumkor tizimni shakllantira olganligi sabab bo'ldi. To'g'ri, jamoa o'yini pozitsion hujumning ideal namunasidan juda yiroq, italiyalik mutaxassis jarayonning dastlabki bosqichida turibdi. Pochettino shogirdlari esa doimo markaziy va quyi himoya qo'rg'onlarini bartaraf etish borasida muammolarga duch kelishgan. Mussa Dembele ketganidan keyin vaziyat yanada keskinlashdi. E'tibor beradigan bo'lsak, «shporlar» raqibni markaziy chiziq va uning ortida kutib oladigan jamoalarga («Uotford», «Byornli», «Vulverxempton») qarshi bellashuvlarda ko'plab ochkolardan judo bo'lishdi.
5 nafar himoyachi dolzarbligini yo'qotgan emas
Bunga ishonch hosil qilish uchun 7-pog'onani band etgan «Vulverxempton» o'yinlariga e'tibor qaratishning o'zi etarli: 3-X-X moduli hamon samara bermoqda. Nunu Santu 3 nafar markaziy himoyachi ishtirokidagi taktik sxemadan butun mavsum davomida foydalandi, etarlicha tayyorgarlikka ega bo'lmagan raqiblarini himoya va hujum chiziqlaridagi son jihatdan ustunlik evaziga dog'da qoldirdi. 3-4-2-1 uslubi ish bermay qolganida 3-5-2ni qo'lladi va shu tariqa grandlar kushandasi unvoniga erishdi: «Tottenxem», «Chelsi», «Arsenal», «MYu» va «Liverpul» hech bo'lmaganda bir marta ana shu uslub «qurbon»iga aylanishdi, yakunda chempionlik unvonini himoya qilgan «Siti» ham durangga rozi bo'ldi.
Rafael Benitesning «Nyukasl»ini ham «Vulvz»ning davomchisi deyish mumkin. Dekabr oyiga qadar ispaniyalik murabbiy 4-4-1-1 sxemasi va uning 4-2-3-1 va 4-4-2 ko'rinishlarini qo'llash orqali 14 uchrashuvda 12 ochko to'plagandi. 5 dekabrdan boshlab Rafa 3 nafar markaziy himoyachidan foydalana boshladi va 24ta o'yinda 33 ochkoga ega bo'ldi. Jumladan, «Siti» mahv etildi, «Liverpul» durangga imzo chekdi.
«Sautgempton»da ham shunga o'xshash manzarani kuzatish mumkin. Xazenxyutttl keguniga qadar «avliyolar» 14 o'yinda 9 ochko to'plagan holda autsayderlar safida edilar. Keyingi 24 turda avstriyalik mutaxassis 3 nafar himoyachini maydonga tushirish evaziga 30 ochko jamg'ardi va yakunda 16-o'rinni egalladi.
Kishilar ongiga singib ulgurgan 3-X-X taktik sxemasining noto'g'ri talqinini o'zgartirish oson emas. Ko'pchilik bu uslubni faqat himoyaviy «avtobus» sifatida tushunadi. Shu sababli Konte o'z vaqtida jiddiy tanqidlarga duch kelgandi. Vaholanki, u nisbatan kuchliroq raqiblarga qarshi shunday uslubni qo'llardi va hujumkorlikka oid g'oyalari bilan Mourinodan ko'ra Sarriga yaqinroq edi. Unai Emeri ham 3 nafar himoyachi tizimidan hujumkorlik samarasini oshirish maqsadida foydalanadi, Gvardiola esa to'p nazorati jamoasida bo'lishini ta'minlash uchun himoya markaziga 3 nafar o'yinchini tushiradi.
Britancha ko'hna uslub ish bermayapti
APLdagi dastlabki o'yinidayoq «Kardiff»ning elitada uzoq ushlanib qolmasligi ma'lum bo'lgandi. Chunki Nil Uornok o'ta eski usullardan foydalanadi. Ya'ni, murabbiy o'z shogirdlaridan raqibning har bir o'yinchisini personal tarzda ta'qib etishni talab qiladi. Uning odatidan yaxshi xabardor bo'lgan raqiblar tanish sxemani osonlik bilan dog'da qoldirishdi. Oldingi chiziqdagi harakatlarning samarasizligiga ham debyutantning bir xil qolipda to'p surishi sabab bo'ldi. «Kardiff» olis uzatmalar bo'yicha APL etakchisi. Biroq futbolchilarda to'pni egallab olgandan keyingi harakatlar rejasi yo'q. «Byornli», «Nyukasl», «Brayton» va «Xaddersfild» kabi olis uzatmalar shaydolarining jadval tubidan joy olishlariga ham uzatmalardan unumli foydalana olmasliklari sababchi. Ha, «Uotford» va «Vulverxempton» o'yinlarida olis uzatmalar etarli. Biroq Grasiya shogirdlari to'pni egallab olishdagi chaqqonliklari, Nunu Santu yigitlari esa qanotlardan to'la foydalanishlari evaziga olis uzatmalardan tegishli samarani ola bilishadi.