So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Duoibadmi yo shunchaki irim?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 858
Futbol - irim-sirimlarga boy sport turi. Go'yoki, XXI asrda turli odatlar va qarg'ishlar o'tmishda qoladigandek tuyulgandi, ammo unday emas ekan.
Muxlislar, ba'zan esa klublarning o'zi ham omadsizliklarda yomonlik alomatlarini sababchi sifatida ko'rishmoqda. Quyidagi maqola bilan tanishsangiz, bunga o'zingiz ham amin bo'lishingiz mumkin.
1. DREYK
La'nati fotosurat
Joriy yilning martida futbol klublari vahimaga tushib, o'z o'yinchilarining rep qo'shiqchisi Dreyk bilan tushgan suratlarini qidirishdi. Gap shundaki, ushbu musiqachi qaysidir sportchi bilan suratga tushib, uni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylasa, o'sha sportchi yoki uning jamoasi mag'lubiyatga uchragan. Dreyk Konor Makgregorni Habibga qarshi bahsda, Serena Uilyamsni US Open turnirida, «Toronto»ni xokkey musobaqasida qo'llagandi... Va mana, rep xonandasi futbolga ham etib keldi. Dreyk bilan suratga tushish oqibatida Serxio Aguero va «Manchester Siti» (Chempionlar Ligasida), Jeydon Sancho va «Borussiya Dortmund», Per-Emerik Obameyang va «Arsenal» («Everton»ga qarshi bahsda), Leven Kurzava va «PSJ» («Lill» bilan o'yinda, 1:5), «Yuventus» («Ayaks»ga qarshi o'yinda) va boshqalar jabr ko'rishdi.
2. «Krus Asul»
Qon qarg'ishi (Comizzo Curse)
Hammasi Meksika ligasining 1997 yilgi finalida, «Krus Asul» va «Leon» jamoalari o'rtasidagi bahsdan boshlandi. O'yin tugashiga bir necha daqiqa qolganida «Leon» darvozaboni Anxel Komitstso oyog'i bilan raqib jamoa hujumchisi Karlos Ermosiloga zarba berdi. Forvard shifokorlar yordamidan voz kechib, boshi qonga belangan holda penaltini ijro etdi va zarba yo'llashda adashmay, «Krus Asul»ni sakkiz karra chempionga aylantirdi. Shundan so'ng bu klub biror marta chempionlikni nishonlamadi, KONKAKAF Chempionlar Ligasi hamda Libertadores kubogi finallarida yutqazdi. Jamoa ishqibozlari o'zlariga «qon qarg'ishi tekkan» deb hisoblashadi.
3. «Amerika de Kali»
Xo'jayin duoibadi
1948 yili Kolumbiya klubi rahbarlari yig'ilishida jamoani professional ligaga o'tkazishga qaror qilishdi. Xo'jayinlardan biri Benjamin Urrea ushbu g'oyaga qarshi chiqib, shunday dedi: «Ular jamoa bilan istaganlarini qilishlari mumkin, ammo qasam ichaman, hech qachon chempion bo'lolmaydilar». Klub professional darajadagi dastlabki sovrinni qo'lga kiritishni 31 yil kutdi. 1979 yilda esa jurnalist Rafael Medina va xonanda Antonio Del Vivar jamoaga nihoyat kubok bahslarida omad kulib boqishi uchun, duoibadni yo'qotish maqsadida o'ziga xos marosim o'tkazishdi.
4. Mik Jagger
JChdagi omadsizlik «sababchisi»
Fanatlarning fikricha, britaniyalik rok musiqachi 2010 yildan buyon qaysi termaga muxlislik qilsa, o'sha jamoa omadsizlikka uchramoqda. Hammasi JARda o'tkazilgan mundialda, Gollandiya va Braziliya termalari o'rtasidagi uchrashuvdan so'ng boshlangandi. Jagger o'sha o'yinga Janubiy Amerika sharafini himoya qilgan jamoa libosida tashrif buyurgandi. 2014 yili Mik guruh bosqichida Italiya va Portugaliyaga, yarim finalda Braziliyaga ishqibozlik qilgandi. Voqealarning keyingi rivoji ma'lum. Rossiyada o'tgan JChda Jagger o'z natijasini mustahkamladi: yarim final doirasida Frantsiya bilan bellashgan Belgiyaga hamda Xorvatiyaga qarshi bahs yuritgan Angliyaga muxlislik qildi.
5. Habib Nurmagomedov
Afsonaviy jang ta'siri
Rossiyalik sportchi Konor Makgregor bilan jangdan so'ng ayrim futbol va xokkey klublariga muxlislik qildi. Ammo bu madad ushbu jamoalarga ijobiy ta'sir ko'rsatmadi. Barchasi «Anji» - TsSKA o'yinidan boshlangan, o'shanda asli kelib chiqishi dog'istonlik bo'lgan Habibni irlandiyalik raqibi ustidan qozongan g'alabasi bilan tabriklashgandi. O'sha uchrashuvda «armiyachilar» ustunlikka erishishdi. Keyinchalik Nurmagomedov «Spartak» va «Arsenal» o'rtasidagi uchrashuvda moskvaliklarni qo'llab-quvvatladi, biroq tulaliklar favoritni mag'lubiyatga uchratishdi. Keyinchalik TsSKAga qarshi bahsda SKAga ishqibozlik qilish orqali Habib omadsiz muxlis ekanini yana bir bor isbotladi: peterburgliklar yutqazishdi.
6. Aaron Remzi
«Ajal goli»
Evropaliklar uelslik futbolchining millionlar o'yinida «ajal elchisi»ga aylanganini ko'p ta'kidlashadi. 2011 yili jarohatdan qutulib, katta futbolga qaytgan Remzi ushbu voqeani gol bilan nishonladi. Ertasiga butun dunyoda taniqli bo'lgan shaxslardan biri vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Oqibatda fanatlar Aaronning gollari va mashhurlar o'limi o'rtasida bog'liqlik bor, degan fikrga kelishdi. So'nggi 8 yil mobaynida Remzining gollari mashhurlar hayotiga ta'sir o'tkazgan 19ta holat aniqlandi. «Qurbonlar» orasida Stiv Jobs, Uitni Xyuston, Pol Uoker, Boris Berezovskiy, Robin Uilyams, Muammar Kaddafi, Lyuk Perri va Kit Flint kabilar bor.
7. «Derbi Kaunti»
Lo'lilar qarg'ishi
Mazkur jamoa o'z stadionini qurish maqsadida o'sha hududdagi lo'lilarni haydashga majbur bo'lgandi. Jabrdiydalar esa aybdorni qarg'ashdi: «Derbi» hech qachon Angliya kubogini qo'lga kiritmasin». Bunga qadar jamoa turnir yarim finaliga xotirjam etib borayotgandi. Oradan deyarli 50 yil o'tib, 1946 yili, kubok finali arafasida klubning ayrim futbolchilari qarg'ishdan qutulish maqsadida lo'lilarga murojaat etishdi. Tomonlar nima haqida gaplashishgani noma'lum, ammo final juda quvnoq kayfiyatda o'tdi: dastlab o'ynalayotgan to'p yorildi, keyin esa «Derbi» qo'shimcha bo'limlarda uchta gol urib, kubok sohibiga aylandi.
8.«Xibernian»
Arfa sababli...
Shotlandiyaning «Xibernian» klubi mamlakat kubogiga ega chiqishni 114 yil kutdi. So'nggi marta shunday sharafga uzoq 1902 yili erishgandi. Shu uzoq muddatli «quruq» davr ichida jamoa Shotlandiya kubogi finalida 10 marta imkoniyatni boy berdi, biroq to'rt marta chempionat va uch marta Liga kubogida zafar quchdi. Muvaffaqiyatsizlikni musiqiy asbobga yo'yishdi. O'z vaqtida mahalliy stadion rekonstruktsiya qilingan, o'shanda jamoaning kelib chiqishi Irlandiyadan ekanligini anglatuvchi arfa surati janubiy tribunalardan olib tashlangandi. Buning uchun lo'lilardan biri klubni qarg'agan ekan. Uzoq vaqt arfa stadionda ko'rinish bermadi, vaholanki, duoibad shartlariga ko'ra, musiqiy asbob bo'lmasa, Shotlandiya kubogida yutuq ham bo'lmaydi! 2015 yili «Xibernian» emblemasini rebrendingdan o'tkazishga qaror qilib, nihoyat, arfa suratini qaytardi va oradan sakkiz oy o'tib, klub mamlakat kubogini qo'lga kiritdi.
9. Avstraliya termasi
Ruhoniy qarg'agan
JCh-1970 saralash bahslarida Avstraliya milliy jamoasi o'zini sug'urta qilish maqsadida Mozambikdagi ruhoniydan raqib - Rodeziya (Zimbabve) termasini duoibad qilishni so'radi. «Yashil qit'a» vakillari keyinroq qarg'ish uchun va'da qilingan ming funtni to'lamay, juftakni rostlashdi. Juda ayyorona qadam! Keyinchalik kengurular yurti vakillarini 2004 yilgacha mundialdagi omadsizliklar ta'qib etdi. Teleboshlovchi Jon Safari Mozambikka borib, maxsus diniy marosimlar orqali o'sha ruhoniyning ruhini chaqirib, undan uzr so'ragach, qarg'ish bartaraf etildi. Shundan so'ng Avstraliya termasi JCh-2006ga yo'l olib, turnirning 1|8 final bosqichigacha chiqishni uddaladi.
10. «Vasko da Gama»
Mavjud bo'lmagan qurbaqa qarg'ishi
1937 yili «Vasko da Gama» kamtarona «Andarai» klubi bilan o'yinga tashrif buyurdi. Mehmonlar garchi uchrashuvdan avval maydon egalarini kamsitmaslik to'g'risida kelishuvga erishgan bo'lsalarda, javobsiz 12ta gol urishdi. Shundan so'ng, fanatlar o'rtasida gap-so'zlar tarqaldi: emishki, «Andarai» murabbiyi Arubino «Vasko» stadioniga borib, u erga qurbaqani ko'mib, klubni 12 yillik qarg'ish bilan jazolagan - o'tkazib yuborilgan gollar soniga hamohang tarzda. Braziliya grandi, garchi tarkibi kuchli bo'lsada, chempionatning bir necha mavsumida muvaffaqiyatsizlikka uchrab, bundan tashvishlana boshladi. Vaziyatni o'nglash uchun nimalar qilishmadi deysiz, biroq stadiondagi qurbaqani topishning iloji bo'lmadi. Shu bois «Vasko» rahbariyati Arubinoga iltimos bilan chiqdi. «Andarai» murabbiyi esa bu murojaatni tabassum bilan qarshi olarkan, hech qanday qurbaqa voqeasi bo'lmagani, ammo ko'ngli tozaligi uchun qarg'ishni echishga tayyorligini ta'kidladi. «Vasko da Gama» keyingi mavsumni mag'lubiyatsiz o'tkazdi.