So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Manchester, Mayami, sportkarlar…yoki «Siti»ning bosh goleadori qanday yashamoqda
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 415
«Manchester Siti» hujumchisi yaqinda yana bir bora Angliya chempionati cho'qqisiga chiqdi. To'g'ri, argentinalik forvard bu safar bosh to'purarga atalgan sovrindan quruq qoldi. Ammo APL-2018|2019da 21ta gol urganining o'ziyoq katta gap.
Faqat bu gal Muhammad Saloh va Sadio Mane («Liverpul») hamda Per-Emerik Obameyang («Arsenal») undan 1ta golga o'zib ketishdi. Xo'sh, Agueroning maydon tashqarisidagi ishlari qanday? Argentinalik goleador futboldan bo'sh vaqtda ham baxtiyormi? U qaerda yashayapti, qanday avtomobillardan foydalanmoqda va nechog'li hordiq chiqarmoqda? Demak, championat.com sayti ma'lumotlari asosida Serxio Kun hayotiga zimdan nigoh tashlaymiz.
Uylar
Serxio hozirda Manchester yaqinidagi «Olderi Eyj» nomli elit maskanda istiqomat qilmoqda. Ushbu hudud Cheshir grafligi tarkibiga kiradi. Umuman, ko'plab taniqli futbolchilar aynan «Olderi Eyj»dan qo'nim topishgan. Xullas, Manchesterning ikki klubi vakillari ham negadir shu maskanga talpinishadi. Misol uchun, «MYu» a'zolari - Pol Pogba va David de Xea shu hududda yashashadi. «Menchester Siti»ning hujumkor yarim himoyachisi Rahim Sterling esa «qizil iblislar» afsonasi - ser Aleks Fergyuson bilan yaqin qo'shni. Endi Aguero tanlagan uyga kelsak, koshona misoli turar-joyning umumiy bahosi taxminan 3 million funtga teng. Uyning tashqi manzarasi ham, ichki ko'rinishi ham kishini lol qoldiradi. Argentinalik futbolchining hayot tarzi havas qilishga arziydi: u har bir mukofoti va sovrinini alohida burchakda avaylab saqlaydi. Rasmiy o'yinlardan keyin esa goleadorning shaxsiy garderobi (kiyimxona) ko'pincha futbolka hisobiga boyiydi. Aniqroq aytsak, Kun agar gol ursa, formasini hech kimga bermaydi va esdalik uchun o'zi bilan olib ketadi. Endi Serxio futboldan ketguniga qadar uning garderobida nechta forma to'planishini bir tasavvur qilib ko'ring-a... Darvoqe, to'plar ham bor. Xullas, Serxio gol ursa, nafaqat futbolka, balki to'pni ham o'ziniki qiladi. Demak, uyida to'plardan ulkan «tog'» paydo bo'lgani aniq...
Agueroning «Instagram»dagi sahifasiga joylashtirgan suratlarga qarab, yakdil xulosaga kelish mumkin: turar-joy koshona bo'lsa hamki, kamtarona tarzda bezatilgan. Hujumchi shuning barobarida mehmon kutishni xush ko'radi, ulardan o'zini aslo olib qochmaydi. Deylik, futbolchi o'tgan yili saraton xastaligi bilan kurashayotgan bemor bolakayni xonadoniga taklif qilib, uning ko'nglini ko'tardi, yakunda yosh mehmonga butsasini sovg'a sifatida berdi. Serxioning aytishicha, uyda bitta ulkan fotosurat alohida joyga ega. Aniqrog'i, Agueroning «Kuinz Park Reynjers» darvozasini ishg'ol etganidan keyingi xursandchiligi aks etgan surat. Ha-ha, bu 2012 yili o'yinning 90+3-daqiqasida urilgan va «Manchester Siti»ga chempionlikni taqdim etgan o'sha qiymati baland gol quvonchi... «O'sha baxtiyor lahza bir umr xotiramdan chiqmaydi», — deydi Kun. Nima derdik, o'sha lahza muhri uy devorida ham uzoq vaqt qoladigan ko'rinadi.
Hammasi ajoyib, ammo Aguero yolg'iz yashash juda zerikarli ekanligini bot-bot tilga oladi. Chunonchi, o'g'li - Benjamin ayni payt onasi qaramog'ida Argentinada ulg'aymoqda. To'g'ri, kichik Aguero har oy bir hafta otasi yonida bo'ladi. Serxio uyda jigarbandi uchun alohida xona ajratib qo'ygan va tabiiyki, unda barchasi muhayyo etilgan. Jamoadoshi Nikolas Otamendi va «MYu» darvozaboni David de Xea argentinalik to'purarning doimiy mehmonlari. Nega de Xea? Axir u ashaddiy raqib vakili-ku. Serxio buni oddiy izohlaydi: «Ha, to'g'ri, men «Siti» uchun o'ynayman, David esa «Yunayted» sharafini himoya qiladi. Lekin biz oldindan do'stlarmiz, axir vaqtida Madridning «Atletiko»sida birga o'ynaganmiz». Uyda agar mehmon bo'lmasa, Aguero shunchaki, ekran oldiga yotadi va miriqib kino tomosha qiladi. Unga mafiya haqidagi va fantastik kartinalar yoqadi, asosiysi, filmlarni yolg'iz o'zi ko'radi. Qo'rqinchli kinokartinalarga esa aslo tobi yo'q.
Angliya tabloidlari xabariga ko'ra, Aguero yaqin orada yangi uy sohibiga aylanadi. Har holda, hujumchi chamasi 4 million funt sterling to'lab, Manchester markazida qad ko'tarayotgan binodan xonadonga buyurtma bergan. To'g'ri, Serxio kelajakda yashashi mumkin bo'lgan uy endi qurilmoqda. E'tiborga molik tomoni, Kunning yangi qo'nimgohi binoning 65-qavatida joylashgan bo'lib, oynasidan «Manchester Siti» stadioni - «Ittihod» shundoq ko'rinib turadi. Bundan tashqari, uzoq Mayamida ham Kun ixtiyorida hashamatli qasr bor. Bunisi ancha qimmatbaho - 9 million evro. Ki Biskeyn ko'rfazi (Saut-Bich va Dauntaun Mayamidan 20 daqiqalik yo'l uzoqlikda joylashgan ajib orolcha)dagi uy 5ta yotoqxona va bir necha mehmonxonani o'z ichiga olgan. Eng asosiysi - ochiq dengiz, xushhavo tabiat. Hujumchi ta'til kunlarini aynan Mayamida o'tkazishga odatlangan.
Aguero uylaring taxminiy bahosi - 15 million funt
Avtomobillar
Qimmatbaho mashinalar - taniqli futbolchilar uchun oddiy xarid. Aguero ham temir «toychoq»qa pul sarflashdan cho'chimaydiganlar toifasidan. Argentinalik to'p-urarning avtoparkida turli rusumli avtolarni ko'rish mumkin -Lamborgini Avantador, Range Rover, Audi R8, Nissan GTR...
Aguero avtogarajining taxminiy bahosi - million funt
Xobbi
Aguero vaqtini o'g'li bilan maroqli o'tkazish, kino ko'rish va qimmatbaho mashinalarda sayr qilishdan tashqari, suv bilan bog'liq har narsani juda-juda qadrlaydi. Deylik, katerda yoki yaxtada dengiz bo'ylab suzishi mumkin. To'g'ri, katta suv transporti o'ziga tegishli yoki yo'qligi ma'lum emas. Faqat shunisi tayin: go'zal yaxtadan 1 kun ijara asosida foydalanishning bahosi - 9 ming dollar. Futbolchi ixtiyorida yana suv mototsikli ham bor. Kun bunisida yayrab «uchadi». Uning asosiy xobbisi - ba-liq ovi. Serxio qarmoqda baliq tutishga charchoq yozish manbai sifatida qaraydi.