So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Ariagner Smit Medina: «Qizilqum»da ahil oila yig'ilgan»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 490
Milliy chempionatimizda turli davrlarda har xil millatga mansub legionerlar to'p surishgan. Hattoki, 2014 yili ispaniyalik Karles Koto «Bunyodkor» safida bir davra o'ynagandi.
Demakki, mamlakatimizga xorijlik futbolchilarning kelishi biz uchun yangilik hisoblanmaydi. So'nggi yillardagi statistika jamoalarimizda faoliyat yuritgan legionerlarning aksariyati Boltiqbo'yi davlatlaridan ekanini ko'rsatmoqda.
Lekin joriy yildan e'tiboran Superliga klublari o'z an'analaridan voz kechgan holda boshqa mamlakatlardan ham futbolchilarni jalb etishmoqda. Buni «Qizilqum» misolida ko'rish mumkin. Navoiyliklar yangi mavsumga taraddud ko'rish jarayonida o'z tarkiblarini nikaragualik Ariagner Smit Medina bilan kuchaytirib olishdi. Tezkor dribling sohibi bo'lgan hujumchi dastlabki turlarda birin-ketin gollar urib, ishqibozlar e'tiboriga tushdi. Biz yaqinda Ariagner bilan suhbatlashib, o'zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.
- O'zingizni qanday his qilyapsiz?
- Barchasi ajoyib, yurtingiz ob-havosiga sekin-asta ko'nikib boryapman. Ko'ryapsiz, chempionat ayni avj nuqtasiga kirib bormoqda. Mazkur holatda hech bir jamoaga oson bo'lmasligi turgan gap. Oldinda muhim bahslar kutmoqda, iloji boricha ko'proq ochko jamg'arishga harakat qilamiz.
- O'zbekiston haqida avval qandaydir tasavvurga egamidingiz?
- To'g'risi, ilk bor kelganimda, O'zbekiston menga notanish mamlakat ekanligini bilardim. Lekin hozir futbol barcha davlatlarda jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Vaqt o'tgani sari yorqin taassurotlarga ega bo'lyapman.
- «Qizilqum»da sizni qanday qarshi olishdi?
- Bu erda ahil-inoq oila yig'ilgan, dastlabki kunimdanoq mezbonlar menga juda iliq munosabatda bo'lishdi. Jamoaga tezroq moslashib ketishimda yaqindan yordam ko'rsatishdi. Shu bois bo'lsa kerak, ilk turlardan o'zimni ko'rsatishga ulgurdim.
- Chempionat boshidagi o'yinlaringiz muxlislarda ijobiy taassurot qoldirdi... Ketma-ket gollar urdingiz, lekin negadir keyin sermahsullik yo'qoldi...
- To'g'ri aytasiz. Lekin mehnat qilish, o'z ustimda ishlashdan to'xtayotganim yo'q. Jamoadoshlarim mendan ko'ra tajribali hisoblanishadi. Ulardan ko'p narsa o'rganish mumkin. O'ylaymanki, oldindagi bahslarda yana gollar urib, jamoamga g'alaba keltirmoqchiman.
- Qandaydir muammolarga duch kelmadingizmi? Mahalliy odatlarimizga o'rganib qoldingizmi?
- Imkon qadar o'rganyapman. Faqat til borasida biroz qiyin bo'ldi, dastavval. Ammo futbol terminlari hamma joyda bir qo'llanilishini inobatga olsak, hozircha muammo yo'q. «Qizilqum» men uchun katta imkoniyatlar eshigidir. Bir muddat Navoiyda qolishga qaror qildim. Ochig'i, menga shahar yoqib qoldi, tinch, osoyishta.
- Copa America musobaqasida qaysi termaga muxlislik qilasiz?
- Bolaligimdan Braziliyaga ishqibozman, bu jamoaning o'yin uslubi hamisha o'ziga jalb etgan meni. To'g'ri, Lotin Amerikasi vakillarining so'nggi yillardagi natijalarini qoniqarli deb bo'lmaydi. Lekin jahon chempionatlaridagi muvaffaqiyatsiz ishtirok bu jamoaning kuchi pasayganligidan darak bermaydi. Neymar va uning sheriklari qaysi turnir bo'lmasin, hamisha favoritlar qatorida e'tirof etiladilar.
- Navbatdagi evromavsum ham nihoyasiga etmoqda. Xo'sh, kuchli beshlik chempionatlarida siz kutgan holatlar sodir bo'ldimi?
- Deyarli, ha. Ispaniyada hech narsa o'zgargani yo'q. Faqat «Xetafe»ning kuchlilar safida paydo bo'lishini kutmagandim. Italiyada bu safar «Atalanta» uchinchi o'rinni egalladi. Uning o'rnida «Milan» yoki «Inter» bo'lishi mumkin edi. Menimcha, eng qiziqarli o'tgan chempionat - bu Angliya Premer-ligasi va Germaniya Bundesligasi bo'ldi. Intriga oxirgi turga qadar saqlanib qoldi.
- Ariagner, sizga va jamoangizga omad va zafarlar tilab qolamiz.
- Rahmat. Asosiysi, «Qizilqum»ga foyda keltirsam bas.
MA'LUMOT UChUN
To'liq ismi: Ariagner Stiven Smit Medina
Tug'ilgan sanasi: 1998 yil 13 dekabr
Tug'ilgan joyi: Somoto, Nikaragua
Pozitsiyasi: hujumchi
Klublardagi faoliyati:
2014-2018 - «Real Esteli» (Nikaragua)
2018 - «Spartak Yurmala» (Latviya)
2019 yildan «Qizilqum» klubida to'p surmoqda.