Legionerlarimizdan daraklar yoki Ulug'bek Baqoevning o'g'li ham «Energetik»da
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 77

Italiya. «Roma» «A» seriyada qatorasiga 2-o'yinda mag'lublikni tan oldi. «Bo'rilar» bu safar o'z maydonlarida «Atalanta»ga yutqazib qo'yishdi - 0:1.
EL guruh bosqichi 2-turida XIK klubiga qarshi kechgan o'yin (3:0)da Eldor Shomurodovga imkon bermagan Joze Mourino chempionat bahsida hamyurtimizni 79-daqiqada jangga tashladi. Tema jamoamiz sardori qolgan vaqt davomida ko'p harakat qildi, hujumlarda faol ishtirok etdi, zarbalar ham yo'lladi, ammo samarasiz...
Turkiya. «Fotih Qoragyumryuk» Superliga 7-turida «Istanbul» mehmoni bo'lib, ortga 0:0 hisobi va 1 ochko bilan qaytdi. Jamoa yarim himoyachisi Otabek Shukurov bu safar ham boshlang'ich tarkibdan joy oldi va deyarli to'liq vaqt harakatlandi. Aniqroq ifoda etganda, 66-daqiqada sariq kartochka olgan hamyurtimiz o'yinga qo'shib bergan vaqtda ikkinchi marta ogohlantirildi va final hushtagi yangrashidan oldin maydonni tark etdi.
Rossiya. Ibrohimxalil Yo'ldoshevning jamoasi - «Pari NN» RPL 10-turida «Orenburg»ni qabul qilib, kutilmaganda, 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Hamyurtimiz ushbu omadsiz uchrashuvda to'liq qatnashdi. «Torpedo» aksincha, mavsumdagi ilk g'alabasini tantana qildi, yana TsSKA bilan o'yinda! «Avtozavodchi» Hojimat Erkinov 1:0 hisobida rasmiylashtirilgan ushbu sensatsion g'alabaga to'liq 90 daqiqalik faol harakati bilan munosib hissa qo'shdi. «Ural» esa Oston O'runovni zaxirada qoldirdi va o'z muxlislari qarshisida «Axmat»ga bas kelolmadi - 1:2. Ekaterinburg jamoasi hafta o'rtasida Rossiya kubogi guruh bosqichi 2-turida TsSKA mehmoni bo'lib, aynan 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi. O'runov chempionat o'yinidan farqli o'laroq, kubok bahsida 63-daqiqadan e'tiboran maydonda harakat qildi. Hojimat Erkinov ham kubok turnirida zaxiradan maydonga tushdi va «Torpedo» safarda «Sochi»ni 3:1 hisobida engdi.
Belarus. «Energetik-BGU» Oliy liga 22-turida amaldagi chempion va peshqadam - «Shaxtyor»dan 3 ochko tortib oldi. Soligorskda kechgan o'yinda «talabalar» to'purari Bobur Abduxoliqov 66 daqiqa harakatlandi, ammo bu safar maydondan golsiz chiqib ketdi. E'tiborli tomoni, uning o'rniga «So'g'diyona» bosh murabbiyi Ulug'bek Baqoevning o'g'li Amirbek Baqoev tushdi. To'g'ri kichik Baqoevning debyuti ko'ngilsiz tugadi - 18 yoshli yarim himoyachi 90+2-daqiqada qizil kartochka oldi. «Energetik» himoyachisi Abduqodir Husanov esa maydonda to'liq vat to'p surdi. Asosiysi, 40-daqiqada urilgan yagona gol evaziga g'alaba qozongan «talabalar» o'z ochkolarini 44taga etkazib, «Shaxtyor» (43 ochko)ni 2-o'ringa surishdi.
BAA. «Shabab Al-Ahli» Pro-liga 3-turidan o'rin olgan «Al-Vahda»ga qarshi o'yinni 2:1 hisobida o'z foydasiga hal qildi. Jamoa yarim himoyachisi Aziz G'aniev bu uchrashuvda to'liq 90 daqiqa to'p surdi.
Qozog'iston. «Tobol» Igor Sergeev 72-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan safar o'yini (QPL 20-turi)da «Astana»ni 2:1 ko'rinishida dog'da qoldirdi.
Qatar. Islom To'xtaxo'jaev Yulduzlar ligasi 7-turida maydonga qaytdi va «Al-Garafa»ning «Marhiya»dan 2:1 hisobida ustun kelishiga katta yordam berdi. Eslatma, hamyurtimiz 31 avgust kuni «Al-Ahli» bilan bahsda qizil kartochka olgandi. U shu tufayli orada bitta o'yinni o'tkazib yubordi. Italiyalik Andrea Stramachchoni boshqaruvidagi «Al-Garafa» shu g'alabadan so'ng ochkolari sonini 12taga etkazib, turnir jadvalida 4-o'ringa ko'tarildi.
Manba: «Interfutbol» gazetasi
Bosh sahifaga
224