Engil atletika bo'yicha «Olimpiya cho'qqilari» g'oliblari aniqlandi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1053

Poytaxtimizda ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati tarbiyalanuvchilari o'rtasida engil atletika bo'yicha “Olimpiya cho'qqilari” O'zbekiston chempionati o'tkazildi.
Ushbu musobaqalar maktab-internatlarda sport zaxirasi va malakali sportchilarni tayyorlash tizimini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish, Olimpiya o'yinlariga munosib ishtirok etadigan iqtidorli sportchilarni tanlab olish hamda O'zbekiston yoshlar terma jamoalari uchun zaxira tayyorlash maqsadida tashkil etildi.
Toshkent shahridagi O'zbekiston engil atletika federatsiyasi stadionida o'tkazilgan musobaqada respublikamizdagi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarining 2000 yilda tug'ilgan va undan kichik bo'lgan 237 nafar (106 nafari qizlar) sportchilar engil atletikaning turli yo'nalishlar bo'yicha bahs olib borishdi.
Musobaqaning to'siqlar osha yugurish bahslarida samarqandlik Mehrangiz Ernazarova hamda Ergash Normurodov barcha raqiblaridan ustun keldi.
Turli masofaga yugurish bahslarida esa Habib Sohibnazarov, Shoxruh Baratov (Samarqand); Viktoriya Levina, Irina Levina, Kamila Saidova, Timur Usmonov (RIOZMI); Angelina Gostyuxina, Kamila Radjapova, Aziz Samadov (Chirchiq) marra chizig'ini birinchi bo'lib bosib o'tdi.
Bosqon, nayza, yadro va disk uloqtirish bahslarida Darya Kashinova, Inessa Molchanova(RIOZMI); Muhayyo Qoraboeva (Farg'ona) va Dilafro'z Parpieva (Sirdaryo) qizlar o'rtasida tengsiz deb topilgan bo'lsa, Ruslan Habibov, Aleksandr Li (Sirdaryo) va Oybek Muhammajonov (Farg'ona) o'g'il bolalar bahsida g'olib bo'ldi.
Uzunlikka, balandlikka va uch xatlab sakrashda Vladimir Garamov, Vadim Chikalov, Alina Aripova (RIOZMI); Nadejda Shustova (Chirchiq) va Abdulaziz Abdushukurov (Sirdaryo) shohsupaning yuqori pog'onasidan o'rin egalladi.
Umumjamoa natijalariga ko'ra 1-o'rinni 395 ochko Samarqand IOZMI, 2-o'rinni 381 ochko Navoiy IOZMI tarbiyalanuvchilari qo'lga kiritgan bo'lsa, 3-o'rin Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati yoshlariga nasib etdi.

Bosh sahifaga
196