So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
MOQdan yana bir yirik loyiha. Ertaga mamlakatimizda sport oyligi start oladi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 3649
Aprel oyi ko'plab sport turlari bo'yicha Osiyo chempionatlariga boy bo'ldi. Unda muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilarimiz millionlab muxlislarimizning ishonchini oqlashdi. Albatta, ularning erishgan yutuqlariga qarab yosh avlodda ham sportga bo'lgan mehr ortadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan 5 ta tashabbusning ikkinchisida mamlakatimiz yoshlari orasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, ommaviy sportni targ'ib qilish masalariga alohida urg'u berilgan. Ayni shu maqsadda O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi may oyini mamlakatimizda sport oyligi deb nomlash tashabbusi bilan chiqdi. Mazkur oylik 1 maydan 31 mayga qadar davom etib, u Respublikamizning barcha viloyatlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Toshkent shahrida o'tkaziladi.
Sport oyligi boshlanishidan avval bugun O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasida ko'plab soha mutasaddilari bilan uchrashuv tashkil etildi. Yig'ilishni MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov olib bordi. Unda Ichki ishlar vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi kabi qator tashkilot mutasaddilari ishtirok etishdi.
Yig'ilishda Jasur Matchanov bo'lajak sport oyligining ne chog'lik ahamiyatli ekani haqida to'xtalib o'tdi.
“Avvalo, bunday oylikni tashkil qilishdan maqsad aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish va sportni ularning yuragiga singdirish. Qolaversa, bu judda katta loyiha bo'lib, u yurtimizning millionlab yoshlarini birlashtiradi. Biz asosan professional sport bilan ishlaymiz. Ammo shuni unutmaslik kerakki, ommaviy sportni rivojlantirmasdan turib, katta sportda natijaga erishib bo'lmaydi. Shunday ekan, sport oyligi davomida bir nechta kerakli iqtidor egalarini saralab olish imkoniyati ham paydo bo'ladi”, – dedi Jasur Matchanov.
Shuningdek, tadbir davomida MOQ prezidenti maslahatchisi Nazirjon Xudoyqulov ham o'z fikrlarini bildirib o'tdi.
“Maqsadimiz turli korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda aholi orasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishdan iborat. Qolaversa bu harakatimiz bilan muhtaram yurtboshimiz ilgari surgan tashabbusga “labbay” deya javob beramiz. Ertaga bahslarga start beriladi. Sport oyligi doirasida maktabgacha ta'lim muassasalaridan tortib, oliy ta'lim bo'g'inlarigacha bo'lgan qismda ishtirokchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda mashqlarni joriy etish yo'lga qo'yiladi. Katta yoshdagilar uchun basketbol, voleybol, mini-futbol va gandbol bo'yicha musobaqalar tashkil qilinadi”, – dedi Nazirjon Xudoyqulov.
Sport oyligining ramziy ochilish marosimi ertaga 11:00 da Milliy olimpiya qo'mitasi binosining yonginasida boshlanadi. Unda sportimiz yulduzlari ham ishtirok etib, muxlislarga o'z iqtidorlarini namoyish etishadi.