So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Akbar To'raev: «Birinchi davrada yig'a olmagan ochkolarimizni ikkinchi davrada yig'ishga harakat qilamiz»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 50
Kecha, 17 iyul sanasida «Neftchi» navbatdagi o'rtoqlik o'yinida maydonga tushganligi haqida xabar bergan edik. Uchrashuv yakunidan so'ng klub asosiy darvozaboni Akbar To'raev jamoa matbuot xizmatiga intervyu berdi.
— Akbarjon, yangi murabbiy qo'l ostida taassurotlar qanday?
— Kuniga ikki mahal mashg'ulot o'tkazilmoqda, kayfiyatlar yaxshi. Yangi bosh murabbiy jismoniy holatlarga urg'u bergan holda yangi taktik qo'llanmalar bilan futbolchilarni mashg'ulotlarda sinamoqda.
— Jamoamizning darvozabonlar murabbiyi Farrux Berdiev haqida fikrlaringiz?
— 10 kun davomida ishlab kelmoqdamiz, taassurotlar juda yaxshi, o'zining ishiga professional yondashmoqda, mashg'ulotlar a'lo darajada ketmoqda.
— Nazorat uchrashuvlarida har ikki o'yinda ham darvozamizdan birinchi bo'lib gol o'tkazib yubordik. Bunga sabab nima bo'lishi mumkin?
— Nazorat o'rtoqlik o'yinlari shu uchun ham kerak deb hisoblayman. Shu orqali murabbiylar himoya chizig'idagi xatolarni o'rganishadi, lekin umumiy futbolda jamoaga urilgan golda ko'proq darvozabon aybdor hisoblanadi, chunki himoyachiga darvoza yaqinida xavf borligi yoki qaerdadir raqib futbolchisi borligi haqida ogohlatirmagani sabab bo'lishi mumkin.
— Ikkinchi davraga muxlislar jamoadan ijobiy natijalar kutishyapti.
— Albatta, muxlislar stadionga kelib bizga dalda berib turishsa, nima bo'lgan taqdirda ham faqat oldinga chorlab turishsa, futbolchilar bor kuchini ishga solib, ularni quvontirishiga va'da beramiz. Hozirgi egallab turgan o'rnimiz «Neftchi»ga umuman yarashmaydi, bu uchun ikkinchi davra o'yinlariga yaxlit tarkib tuzilmoqda. Birinchi davradagi xatolarga ikkinchi davrada yo'l qo'ymaslikka harakat qilamiz. Bundan tashqari, «Istiqlol» stadioniga qaytayotganimiz bizga katta motivatsiya beradi. Aytishadiku «Uyda devorlar ham yordam beradi» deb. Birinchi davrada yig'a olmagan ochkolarimizni ikkinchi davrada yig'ishga harakat qilamiz, qisqa qilib aytganda, jo'jani kuzda sanaymiz.
«Neftchi» PFK matbuot xizmati