«PSJ» yangi ustozi Galte — kim va qanday murabbiy?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 115

Kristof Galte haqida biroz o'qidim. Ozgina o'rgandim. Siz bilan bo'lishay.
Messi, Neymar va albatta Mbappe singari futbolchilarni boshqaradigan Galte o'zi qanday murabbiy? Nega aynan u tanlandi?
Ikkinchi savolga javob berish osonroq. Kristof Galte "Lill" bilan Frantsiya chempioni bo'lgan mavsumda yolg'iz o'zi emasdi. U o'sha vaqtdagi klub sport direktori Luish Kampush bilan birga bunga erishgan. Eng qizig'i, PSJni qatarlik sarmoyadorlar qo'lga kiritgandan buyon klub Liga 1 chempionligini faqat ikki bor qo'ldan chiqargan. Birini esladik, ikkinchisi 2017 yil "Monako" chempion bo'lganida yuz bergan va (diqqat) o'shanda ham monakoliklar sport direktori Kampush bo'lgan. Qizig'-a!
Luish Kampushni Frantsiyada yana "transferlar sehrgari" deyishadi. Sababi tushunarli. U rahbarlik qilgan klublar transfer orqali jamg'argan mablag'i milliard evro atrofida baholanadi. Xullas, shu odam Parijga birinchi keldi. Xelayfiy uni PSJga sport direktor qildi. Tabiiyki, Kampush o'zining sinalgan sherigi Galteni ham Frantsiya poytaxtiga olib keldi. Bor gap shu.
Endi birinchi savolga kelsak, unga javob berish qiyin. Galteni Simeonening "apgreyd" qilingan versiyasi deydiganlar bor. Bunga uning jamoalari ko'rsatadigan chuqur himoyaviy o'yin sabab. Uni Fergyusondan ilhomlangan ham deyishadi. Boisi shotland kabi 4-4-2'da oldinda bir-biriga vaziyat yaratuvchi hujumchilar bilan o'ynaydi. Yana o'zi ham Fergini yaxshi ko'rishini yashirmaydi. Lekin qancha o'rganmang, tushunishga harakat qilmang Galte avvalgi ishlarini uzog'i bor Viktor Osimxen, Nikolya Pepe yoki Yusuf Yaziji kabi futbolchilar bilan qilgan. Endi esa uning qo'l ostida Messi, Mbappe va Neymar kabi yulduzlar bo'ladi. Tamomila boshqa daraja. Shuning uchun prognozlash murakkab.
Yana bir nuqta borki, PSJ uni tanlab o'z siyosatini o'zgaritayotgan bo'lishi mumkin. Klubda hali potentsiali ishga tushmagan akademiyalar tizimi bor bo'lib, Galte bilan bu tomonga ham qarab ko'rish mumkin. PSJ o'z egalari uchun doimiy xarajatlar manbai hisoblanadi. Balki shuni o'zgartirish vaqti kelgandir.
Orif Tolipov

Bosh sahifaga
199