UEFA: Yangi turnir qariyb tayyor
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 104

UEFA tomonidan tashkil etiladigan yangi musobaqalarni sog'indingizmi?
Aftidan, yana bittasi tayyorga o'xshaydi - L~Equipe nashrida yozilishicha, klublar o'rtasida «To'rtlik finali» formatidagi yangi musobaqa ishlab chiqilmoqda. Uni ilk marta 2024 yilning yozida sinab ko'rish, keyin esa har yili o'tkazish rejalashtirilgan.
Potentsial translyatsiya vakillariga etkazilgan hujjatda qayd etilishicha, musobaqa ikkita yarim final, uchinchi o'rin uchun bahs va finaldan iborat bo'ladi. Mezbonlik katta ehtimol bilan AQShga topshiriladi. Maqsad - 2024 yildan yangicha formatda o'tadigan Chempionlar Ligasini kengroq targ'ib etish. Shuningdek, daromadlarni oshirish ham ko'zda tutilgan. Bu yangi turnir boshlanishi sabab o'zgarishi kutilayotgan Evropa Superkubogiga muqobil bo'lishi mumkin. Endilikda Superkubokda Evropa Ligasi va Konferentsiyalar Ligasi g'oliblari to'qnash kelishadi.
Jamoalar qay taxlit saralanadi? Hozircha aniq formula yo'q. L~Equipe ma'lumotiga ko'ra, EChLning amaldagi g'olibi ishtirokchilardan biriga aylanadi. Ushbu bosqichdagi qolgan uch klub «o'ta muvaffaqiyatli jamoalar» sifatida tavsiflanadi.
Nega aynan AQSh? Chunki u erda talab va pullar bor. Amerikalik investorlarning top-klublar bilan turli formatdagi tijoriy turnirlar masalasini muhokama qilishayotganiga ancha bo'ldi. Dialogda UEFA ham qatnashmoqda. Ittifoq Xalqaro chempionlar kubogi tashkilotchisi - Nyu-Yorkning Relevent Sports Group kompaniyasi bilan hamkorlik o'rnatgan. Bu mavsumoldi o'rtoqlik musobaqasi AQShda o'tkazilib, unda Evropaning ko'plab top-klublari qatnashadi. Asosiy vazifa - ushbu nazorat o'yinlariga yanada ta'sirchan va daromadli struktura baxsh etish.
Turnir taqvimga qanday moslashtiriladi? Mavsumoldi yig'inlari vaqti top-klublar odatda bir-birlariga sparring raqib bo'lishadi. Agar formatni qabul qilishsa, «To'rtlik finali» ishtirokchilaridan turnir motivatsiyasiga ega bo'lmagan ayrim uchrashuvlarni qurbon qilish talab etilishi mumkin. UEFA bunday musobaqalarni o'tkazish evaziga asosiy taqvimni buzishni istamasligi turgan gap.
Hozirning o'zida e'tirozlar uchramoqda. Frantsiya professional futbolchilar kasaba uyushmasi (UNFP) UEFA manziliga kinoyali tanqid yo'llashga ulgurdi: «Rahmat, UEFA! Millatlar ligasidagi jarohatlangan futbolchilar va qiziqishning sustligidan kelib chiqqan ishtiyoq to'lqinida nihoyat, UEFA bizni eshitdi, nihoyat, UEFA bizni tushundi, endi UEFA, nihoyat, kutganimizga yarasha javob berdi... Avgust o'rtasida AQShda o'tadigan yangi turnir tashkil etdi. Bu UEFA futbolchilar sog'lig'i va futbol jozibasini o'ylamay, faqat g'aznasini boyitishni o'ylaydi, deganlarning og'zini yumish uchun etarli. Zero, shundoq ham bema'ni ko'rinish olgan xalqaro taqvimni yana bir yangi musobaqa tashkil etmay turib yana qanday engillatish mumkin? Buni o'ylab ko'rish va qaror chiqarish kerak edi. UEFA xuddi shunday qildi».
O'.UMAROV tayyorladi
Manba: «Interfutbol» gazetasi
Bosh sahifaga
175