So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Funktsionerlar: «Lion»ning yuragi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 624
Omilkor biznesmen, zukko prezident, «Lion»ning yuragi - frantsiyalik muxlislar Jan-Mishel Olasni shunday sifatlar bilan ulug'lashadi.
Aynan shu insonning sa'y-harakatlari evaziga «Lion» frantsuz futboli tarixiga zarhal sahifalarni bitdi. Lekin yoshi 70dan oshgan «Lion» sohibi faqat so'nggi orzusi ro'yobga chiqqanidan keyin iste'fo haqida bosh qotirishini ma'lum qildi.
2017|2018 yillar mavsumining yakuni «Marsel» va uning muxlislari uchun hayajonli bo'ldi. Janubliklar jamoasi EL finaliga etib borgan va taqdirning qaltis haziliga ko'ra hal qiluvchi bahsni azaliy raqibi - «Lion»ning uy maydonida o'tkazgandi. Liq to'lgan tribunalardagi muxlislar o'sha oqshom ajabtovur qo'shiq bilan stadionni boshga ko'tarishdi: «Uyingni vayron qilamiz, Jan-Mishel Olas!» Bu zanjir reaktsiyasining boshlanishi edi - tez orada mamlakatda «Marsel»ni qo'llaydigan va Olasni xush ko'rmaydigan taqlidchilar ko'payib ketdi.
Frantsiya taomillaridan bexabar xorijliklar qandaydir tartibsizliklar va anarxiyani tasavvur qilgan bo'lishsa, ajabmas. Biroq hatto Olasning o'zi ham tahdidni xavotir bilan emas, faxr bilan qarshi oldi. Aynan uning nomi «Lion» bilan chambarchas bog'liq va klub ramziga aylangandi. Yozda klub sohibi va prezidenti o'z xursandchiligini yashira olmadi: «Marsel» finalni boy berdi. «Lion» esa qatorasiga 9 uchrashuvda g'alabaga erishdi va EChL yo'llanmasini aynan «Marsel»dan tortib oldi». Xullas, hammasi rejadagidek yakunlandi.
Jan-Mishel Olas frantsuz futbolining taniqli arboblaridan biri. U 1987 yildan beri «Lion»ga rahbarlik qilmoqda. Tabiiyki, bu davr ichida klub ramzi maqomiga ko'tarildi. 22 mart sanasida Olas 70 yoshga to'ldi. Frantsuz futboli tarixidagi eng muvaffaqiyatli rahnamolardan biri sifatida faoliyatini yakunlash uchun eng maqbul palla. Biroq bu borada fikr bildirishni keyinroqqa qoldirishga majburmiz. Klub prezidenti hozircha o'z lavozimini tark etish xususida o'ylamayotgani va 75ga chiqqanida ketishini, lekin bungacha asosiy maqsadi - EChLda g'olib chiqishi lozimligini bildirdi.
Frantsiyada futbol klubi prezidentining ahamiyati juda katta: hal qiluvchi qarorlardan tortib, arzimas muammolar echimigacha uning zimmasida. Jan-Mishelning majburiyatlari esa undanda kengroq. U biznesmenlarga xos murosasizlik va murabbiylardagi muloyimlik ilmini puxta egallagan. Biror-bir uchrashuv Olasning ishtirokisiz o'tmaydi. Hatto ayollar futboli bellashuvlari ham! Futbolchilarning ko'pchiligi bilan shaxsan tanish, klubdagilar uni hurmat qilishadi. Boshqalarning munosabatlari esa undan nima yoki kimni so'rashlariga bog'liq. Olas mojarolar markazida bo'lishdan o'zini olib qochmaydi, aksincha, janjallashishni xush ko'radi. U o'zining antiqa tabiati bilan nomdor klub boshqaruvchisiga sira o'xshamaydi. Qolaversa, prezident «tvit»lardagi bahslar bilan qanoatlanib qolmaydi: Olas bir qator hakamlar, jurnalistlar va jamoalar rahbarlari bilan janjallashib ulgurdi. Qulay vaziyat yuzaga kelsa, jamoatchilik e'tiborini o'ziga tortishga intiladi. O'zining aytishicha, Jan-Mishel har bir mojaroni puxta o'ylangan reja asosida amalga oshiradi. Ya'ni, u Memfis Depayni tanqid qilish orqali qayta tarbiyalaydi, «PSJ»ga «tosh otish» orqali esa o'z futbolchilari va murabbiylari diqqat markazidan yiroq bo'lishlarini ta'minlaydi.
«Lion»dagi ilk kunidan boshlab Olas o'z maqsadlariga erishish yo'lida tabiiy qobiliyatini ishga soldi. U Liondan uncha olis bo'lmagan L`Arbrel shahrida dunyoga kelgan. Uning ota-onasi o'sha davrda yuksak qadrlanadigan kasb - o'qituvchilar bo'lishgani bois, Jan-Mishel bolaligidan Daniel Mitteran (Frantsiyaning birinchi xonimi) va Kristin Guz-Renal (kinoprodyuser) kabi martabali shaxslar davrasida ulg'aydi. Biznesmenlik sohasini esa juda barvaqt tanladi. Muhimi, u o'z faoliyatini mustaqil ravishda, ota-onasining ko'magisiz yo'lga qo'yishga ahd qildi va sud orqali ishga layoqatli balog'atga etmagan o'smir maqomiga ega bo'ldi. Shuningdek, Olas sportdan ham voz kechmadi, ma'lum muddat «Lion» gandbol jamoasi sharafini himoya qildi.
Cegid - Jan-Mishel Olasning dastlabki muvaffaqiyatli kompaniyasi. 1983 yilda tashkil etilgan muassasa korporativ uyushmalar menejmenti va buxgalterlik hisobi ishlanmalari bilan shug'ullanadi. 2016 yilda kompaniyaning qiymati 475 mln. evrodan oshib ketdi.
1987 yilda Olasning o'z biznesiga berilib ketishi oqibatida «Lion» quyi ligada to'p surishga majbur bo'ldi. Tez orada uddaburon biznesmen jamoaga bo'lgan ishonchni qaytarishi va elitaga olib chiqishi haqida mish-mishlar urchidi. U paytda Olas hamshaharlari o'rtasida taniqli shaxs darajasiga ko'tarilgandi. Uni yaqindan bilishga ulgurmaganlarga esa o'sha davrda Adidas va «Marsel»ga rahbarlik qilgan janjalkash Bernar Tapi yordamlashib yubordi.
Jamoa tarkibida esa Remi Gard va Jenezio kabi futbolchilar to'p surishardi. Ilk mavsumdayoq yangi prezident talabi bilan jamoa liboslarida «Lion Evropa shahri» yozuvi paydo bo'ldi. Bu bilan Olas «Lion»ni 3 yil ichida evrokuboklar hududiga olib chiqishiga pisanda qilgandi. 1988 yilda u elitaga qaytdi. Raymon Domenek va Bernar Lyakombdek afsonalar bosh murabbiy va sport direktori lavozimlariga taklif etildilar. Tanlov tasodifiy emasdi: Olas doimo jamoaga befarq bo'lmagan va futbol olamini yaxshi tushunadigan mutaxassislarga ishonch bildiradi. Statistika aldamaydi: Jan-Mishel davridagi 15 murabbiyning 9 nafari o'z davrlarida «Lion» sharafini himoya qilishgan. Lyakomb xuddi Jerar Ule kabi prezidentning yaqin do'sti va maslahatchisi. E'tiborlisi, Olas hanuzgacha bosh murabbiylarga nisbatan samimiy munosabatda bo'lib, ularning fikr-mulohazalarini e'tiborsiz qoldirmaydi: faqat Klod Pyuel va Alen Perrenlar shartnoma muddati tugashidan avval iste'foga chiqishgan.
Yangi biznes-sherik - Pathe tufayli moliyaviy qudratini yaxshilab olgan «Lion»ning Sonni Andersonni 120 mln. frank (24 mln. evro) evaziga xarid qilishi («Barselona»dan) «aristokratlar» uchun burilish nuqtasi bo'ldi. Braziliyalik hujumchining 4 yil davomidagi 94 goli lionliklarning oltin avlodi davrini boshlab berdi. Barcha jabhalarda yaqqol ustunlikka ega bo'lgan jamoa qatorasiga 7 marta (2001-2008) elitada hukmronlik qildi.
Junino va uning jamoadoshlari tomonidan qo'lga kiritilgan sovrinlar salmog'i chindan ham hayratlanarli edi. Biroq bu omadli tasodif emas, balki puxta rejaga asoslangan faoliyatning samarasi edi. Tabiiyki, ijobiy o'zgarishlarning bosh me'mori Jan-Mishel Olas bo'ldi. Uning boshqa jamoalardagi kasbdoshlari bilan yaxshi munosabatda ekanligidan unumli foydalangan «Lion» asosiy raqiblari etakchilarini o'z safiga qo'shib olish orqali bir o'q bilan ikki quyonni ovlardi. 2010 yildan boshlab jamoa muammolarga duch kela boshladi: mablag'ning etarli emasligi va o'zini oqlamagan omadsiz transferlar «Lion»ning zaiflashuviga sabab bo'ldi. Yoann Gurkyuff uchun sarflangan 22 mln. evro fikrimizni tasdiqlaydi.
Ammo hattoki, «Lion»ning oltin davrida ham prezident izlanishdan charchamadi, yangi loyihalar ustida bosh qotirdi. Olasni ichki musobaqalardagi hukmronlikning o'zi qoniqtirmasdi. Shu sababli klub sohibi akademiyaning faoliyatiga jiddiy e'tibor qaratdi. Natijada Karim Benzema kabi yorqin yulduzlar katta futbolga kirib kelishdi. Hozirda «Lion» akademiyasi Evropaning etakchi o'quv dargohlaridan biriga aylanib ulgurgan. Maksim Gonalon, Aleksandr Lyakazett, Samyuel Umtiti, Korenten Tolisso va Nabil Faqir kabi iqtidor sohiblari aynan shu maskanda saboq olishgan.
Asrlar almashuvi davrida ayollar futboliga ham asos solindi. Hozirda u qit'ada hukmronlik qilmoqda. 2004 yilda Olas «Lion FK» ayollar jamoasini ham o'z tasarrufiga oldi. «Monpele»dagi kasbdoshi Loran Nikollen bunga sababchi bo'lgandi. 2005 yilda jamoa amerikalik yulduzlar - Xoup Solo hamda Ali Vagnerlarni o'z tarkibiga jalb etdi. Ikki yildan keyin chempionlikka erishgan jamoa hanuzgacha zafarli seriyani davom ettirmoqda! 2011 yildan boshlab jamoa 5 marta EChL g'olibasiga aylandi. O'tgan yili esa Ada Xegerberg ayollar futbolidagi dastlabki «Oltin to'p» sohibasi bo'ldi.
2016 yilda Olas o'zining navbatdagi buyuk yaratuvchanligini namoyish etdi - «Park Olimpik Lionne» qad rostladi. Stadionning 100 foizi klub ixtiyorida ekanligi Frantsiya uchun kamdan-kam uchraydigan holat. 60 ming muxlisga mo'ljallangan inshoot avvalgi qadriyatlar unutilmasligini eslatib turadi. Ayollar futbol mundialining yarim finallari va final bellashuvi aynan shu erda bo'lib o'tadi.
«Park Olimpik Lionne» zimmasiga yangi futbol sulolasining markazi bo'lish mas'uliyati yuklangan. Uning yonida ayollar va o'smirlarga mo'ljallangan mashg'ulot bazasi, muzey, mehmonxona va basketbol maydonchasi qad rostlaydi.
Stadionni bunyod etish - oson ish emas. Shahar aholisining ko'pchiligi loyihaga qarshi chiqqan bo'lsada, oxir-oqibat tortishuv sport foydasiga hal bo'ldi. Bunda Lion ma'muriyatining ulushi sezilarli bo'ldi. Sarflangan 250 mln.li sarmoyada soliq to'lovchilar, mahalliy siyosatchilar, shahar meri Jerar Kollon va bosh vazir Fransua Fiyonning ulushlari bor.
Stadion, bir talay sovrinlar, akademiya - keng ko'lamdagi ishlar amalga oshirildi. Biroq Olas uchun bu kam. U «Lion» yigitlarini EChL shohsupasida ko'rish orzusi bilan yonmoqda. Buning uchun ixtiyorida 5 yil bor. Omadli biznesmen o'z orzusini ro'yobga chiqarishga ulguradimi? Hozir prezident jiddiy strategiya ustida bosh qotirmoqda. Ya'ni, jamoa etakchilarining g'oyib bo'lishiga chek qo'yish va boshqa ligalardagi yuksak saviyali ijrochilar bilan tarkibni kuchaytirish yo'llarini izlamoqda. Olasning aytishicha, yozda jamoa ko'pi bilan bir futbolchisi bilan xayrlashishi mumkin. Memfis Depay va Mussa Dembele saviyasidagi futbolchilar sonini ko'paytirishga jiddiy e'tibor beriladi. 2016 yilda klub aktsiyalarining 20 foizi xitoylik sarmoyadorlarga berilishi orqali moliyaviy imkoniyatlar kengaytirildi. Murabbiy masalasida Olas tavakkalchilikka qo'l urishni istamadi va Bruno Jenezioga amaldagi shartnomani ikki yilga uzaytirishni taklif etdi. Muxlislarning bosh murabbiy xususidagi tanqidiy fikrlarini inobatga olmadi. Qaysidir ma'noda prezident haq.
Joze Mourino xususidagi mish-mishlar esa asossiz. Olasning fikricha, yangi bosh murabbiy bilan vaziyat o'zgarib qolmaydi. Olasning falsafasi «Formula-1» poygalaridagi bolidni eslatadi: muhimi mashina, poygachi emas!
Jan-Mishel Olas frantsuz futbolida yuksak mavqega ega. Evropa klublari undan ibrat olishga urinishmoqda. Jamoatchilik uchun u - janjalkash yulduz, ammo klubida hurmat-ehtiromda. Olas biznesmen, prezident, asosiysi, bunyodkor. U erishgan yutuqlari bilan cheklanib qolmaydi, doimo olg'a intiladi. To'g'ri, hozir «Lion»ning emin-erkin rivojlanishiga «PSJ» xalaqit bermoqda. Poytaxt grandi bilan bahslashish oson emas. Shunga qaramasdan, Jan-Mishel Olas «PSJ»ni ichki musobaqalar va EChLda mahv etishga bel bog'lagan. Bu yog'ini vaqt ko'rsatadi.