Murabbiylar: Katta savol – plyusmi yoki minus?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 121

Savol: Joze Mourinoning mavsum-2021|2022dagi faoliyatiga qanday matematik belgi qo'yish kerak - minusmi yoki plyus?
Bu bir qarashda o'ta jo'n, ikkinchi tomondan ancha murakkab masala. Birinchidan, «Roma» boshqaruvini qo'lga olgan portugaliyalik Italiya «A» seriyasida kutilgan natijani ta'minlay olgani yo'q. Ikkinchidan, «Benazir» o'z kollektsiyasiga yana bir evrokubokni qo'shib qo'ydi. Ha, Konferentsiyalar Ligasi Evropada grandlar tan oladigan turnir emas, ammo fakt shuki, bu evrokubok, baribir.
ENDI TOP-4 HAM ORZU...
Joze Mourino yoxud «Benazir»ning murabbiylik faoliyati oldingidek emasligi tayin. Har holda, portugaliyalik mutaxassis «A» seriyada «Roma»ni Rim kutgan darajaga ko'tara olgani yo'q. Ha, «bo'rilar» uning boshqaruvida Konferentsiyalar Ligasi g'olibiga aylanishdi, lekin bu boshqa masala. Binobarin, rimlik tiffozilar Eldor Shomurodov jamoasidan avvalo, «A»da yuksalishni kutishgandi. Yakuniy 6-o'rin esa ular kutgan natija emas, albatta. Chunonchi, Mourinoni Rimga jamoani loaqal sovrindorlar qatoriga etaklashidan umidvor holda taklif etishgandi. Umuman olganda, Joze Mourino murabbiylik ishida jamoalari bilan qatorasiga 2-marta milliy liganing kuchli 4taligiga kirolmadi. «Benazir»ning faoliyatida bunday omadsiz seriyasi birinchi marta kuzatilganini ham aytish kerak. Eslatma, Joze mavsum-2020|2021ni «Tottenxem» bilan APLning 7-o'rnida yakunlagandi. Aynan shu uning mustaqil ish davridagi eng past natija hisoblanadi. Qolaversa, Joze Mou milliy chempionatlarda atigi 3 marta kuchli 4talikni zabt etolmagan, xolos (2 marta 6-o'rin va 1 marta 7-o'rin). Shu omadsizliklarning barchasi oxirgi 4 mavsumga to'g'ri kelgani uning murabbiylik falsafasi eskirganidan dalolatmi? Aytish qiyin.
* Joze Mourino uchun faoliyatidagi dastlabki 4 mavsum oltin davr hisoblanadi. Zero, u bu oraliqda «Portu» va «Chelsi» bilan 2 martadan chempionlik nashidasini surgandi.
* Mavsum-2009|2010 Joze Mourino uchun eng omadlisi sanaladi. Portugaliyalik o'shanda «Inter»ni «trebl» sari boshlagandi.
* Joze Mourino mustaqil murabbiylik faoliyatidagi dastlabki 10 mavsumda milliy chempionatlarda 2-o'rindan pastini tan olmagan. U bu orada 4ta chempionat (Portugaliya, Angliya, Italiya va Ispaniya)da 4ta klubni boshqargandi.
EVROKUBOK KERAKMI, MOUNI ChAQIRING!
Joze Mourinoning murabbiylik faoliyati voqealar va turli-tuman faktlarga boy. Ijobiy faktlardan biri esa, evrokuboklarga daxldor. Mana, portugaliyalik mutaxassis bu yil «Roma»ni 50 yildan keyin Evropa miqyosidagi turnirda g'alaba tomon etakladi. Ha, Rim klubi naq yarim asrdan buyon evroarenada sovrin nimaligini bilmayotgandi. Qarang, Joze keldi, ko'rdi va birdaniga klubning 1961 yili boshlangan «quruq» seriyasiga qarata zarba berdi («Roma» oxirgi marta Yarmarkalar kubogida zafar quchgandi). Aytish joiz, muayyan jamoaning evroarenadagi omadsizligiga chek qo'yish Mou uchun o'ziga xos odatga aylanib ulgurgan. Har holda, u naq 4ta klubning qit'a miqyosidagi «quruq» seriyasiga barham bergani bilan alohida maqtanishga haqli. Oddiy aytganda, «Benazir» bunga qadar «Portu»ni 16 yil, «Inter»ni 12 yil, «MYu»ni esa 9 yillik tanaffusdan keyin evrokuboklarda g'alaba tomon boshlagandi. Mana, Mou bu safar «Roma»ning 50 yillik omadsizligiga nuqta bosdi. Demak, Evropa jamoalari prezident yoki rahbarlariga xitob: «Evrokuboklardagi omadsiz seriyani uzish kerakmi? Unda Joze Mourinoga qo'ng'iroq qiling!»
* Joze Mourino «MYu»ni afsonaviy Aleks Fergyusondan keyin Evropa maydonlarida g'alaba sari etaklagan yagona murabbiy.
REYTINGDA 3-O'RIN!
Konferentsiyalar Ligasi kubogi Joze Mourino uchun faoliyatidagi 25-sovrin bo'ldi! O'ziga xos yubiley! 2000 yildan buyog'ini hisobga olsak, Mou Evropada jami jamoaviy sovrinlar soni bo'yicha 3-o'rinda. Hozirda ushbu reytingni ispaniyalik Xosep Gvardiola boshqarib turibdi - 32ta sovrin. Lekin Pep butun faoliyatini elit guruhga mansub jamoalarda o'tkazmoqda. Har holda, «Barselona», «Bavariya», «Manchester Siti» bilan sovrin yutish va «Portu» yoki «Roma»ni g'alaba sari etaklash o'rtasida farq katta, baribir. Eng sovrindor murabbiylar reytingida ikkinchi bo'lib turgan ruminiyalik Mircha Luchesku esa asosan Ukrainada muvaffaqiyat qozongan. Shu faktlarning o'zi Joze Mourino chindan ham «Benazir» maqomiga munosib ekanligiga dalolat!
* 21-asrda Evropada atigi 6 nafar mutaxassis 20ta jamoaviy sovrin marrasiga etgan, xolos.
A.AHMEDOV tayyorladi
Manba: «Interfutbol» gazetasi
Bosh sahifaga
229