Qish mundialining Evropa milliy chempionatlariga ta'siri
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 95

21 noyabr - 18 dekabr kunlariga belgilangan JCh-2022 tufayli evrofutbolning yangi mavsumi taqvimida katta chalkashlik yuzaga kelishi tayin.
Tabiiyki, ko'pchilikni qit'aning kuchli 5ta chempionatida navbatdagi mavsum qachon boshlanishi va qanday davom ettirilishi qiziqtiradi. Qolaversa, evrokuboklar taqvimining umumiy ko'rinishi ham.
APL (Angliya)
APL klublari mavsum startidan oldin odatiy xalqaro turnelarga chiqadi. Misol uchun, «Liverpul» Tailand va Singapurga boradi, «Chelsi» AQShda 3ta o'yin o'tkazadi, «Tottenxem» esa Son Xyun Minning vatani - Janubiy Koreyada mehmon bo'ladi. APLga esa 5 avgust kuni start beriladi (odatdagidan 1 hafta oldin). Mavsumning birinchi qismi 12 noyabrgacha davom etadi va 26 dekabrga qadar uzun tanaffus yuzaga keladi. Qatardagi JCh yakuniga etgach, yana bir haftadan so'ng Boxing Day boshlanadi. Chempionatning oxirgi turi esa 2023 yilning 28 may kuniga belgilangan.
La Liga(Ispaniya)
Ispaniyada chempionat o'yinlari 12 avgust kuni boshlanadi. Tanaffus muddati: 14 noyabr - 29 dekabr. Taqvim rejasiga qarasak, Primero o'yinlari keyingi yilning 4 iyunigacha cho'ziladi. Ispaniya kubogi bahslari esa asosan 2023 yilning 3-5, 17-19 va 24-26 yanvar sanalari bo'lib o'tadi. Shuning barobarida 11-15 yanvar oralig'ida mamlakat superkubogi sohibi ham aniqlanadi. Buning uchun 4ta jamoa Saudiya Arabistoniga yo'l oladi.
«A» seriya(Italiya)
Italiya klublari yangi mavsumga Ispaniya jamoalari bilan bir kunda kirishadi. Farqli tomoni, «A» seriyada o'rtadagi tanaffus uzunroq - 52 kun. Oddiy aytganda, italyanlar 13 noyabr kuni ta'tilga chiqib, chempionatga 4 yanvarda qaytishadi. 4 iyun kuni esa finish marrasiga qadam tashlanadi. Darvoqe, Italiya superkubogi o'yiniga ham yanvarda aynan Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladi.
Bundesliga (Germaniya)
Germaniya chempionati 5 avgust kuni start olib, 13 noyabrda tanaffusga chiqadi. Mundialdan keyin aynan Bundesliga futbolchilari hordiq chiqarish uchun eng ko'p vaqtga ega bo'lishadi. Chunonchi, chempionat restarti 20 yanvarga belgilangan. Nemislar bunda mahalliy ob-havo sharoitini hisobga olishgan, albatta. Chempionatda 20ta emas, 18ta jamoa ishtirok etishi esa mavsumni 27 may kuni yakunlash imkonini beradi.
Liga 1(Frantsiya)
Frantsiya chempionati 1-tur o'yinlari xuddi APL va Bundesligadagi kabi 5-7 avgust kunlari o'tkaziladi. 13 noyabr - 28 dekabr oralig'ida klublar dam oladi. Liga 1 rahbariyati finishni 4 iyunga belgilashni rejalashtirgan. Demak, yangi mavsum Ispaniya, Italiya va Frantsiyada teng xotima topadi.
Evrokuboklar
ChL kvalifikatsiyasi boshlang'ich raundlari starti yaqin - 21 iyun (bugun). KL saralashi 7 iyul kuni boshlansa, EL 4 avgustda startga chiqadi. Umuman, 24-25 avgust kunlari 3ta turnirda ham saralash dovoni yakunlanadi. Evrokuboklarning asosiy raundlari taqvimi esa har qachongidan zich. EL va KLda ham xuddi shunday, faqat final o'yinlari oldinroq o'tkaziladi - tegishlicha 31 may hamda 7 iyun kunlari.
Manba: «Interfutbol» gazetasi
Bosh sahifaga
262