So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
“Maradona mening hayotimni barbod qildi”. Jahon chempionatidagi eng shov-shuvli gol ishtirokchilari taqdiri qanday kechgan?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 82
36 yil oldin butun dunyo Maradonaning qo'l bilan urgan antiqa, shuningdek, raqibning barcha futbolchisini dog'da qoldirib kiritgan “asr goli”ga guvoh bo'ldi.
Argentina 1986 yildan beri jahon chempionligini qo'lga kiritmagan. Turnirning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingan Diego Maradona esa o'sha yilgi Jahon chempionatida porladi. Uning inglizlar bilan nimchorak finaldagi o'yini esa haligacha butun dunyo yodida saqlanib qolgan.
Argentinaliklar birorta o'yinda ham mag'lubiyatga uchramasdan chorak finalga yo'l oldi. Bo'lajak jahon chempionlari guruh bosqichida Janubiy Koreya va Bolgariyani mag'lub etdi, shuningdek, italiyaliklar bilan durang natija qayd etdi. Pley-offning birinchi bosqichida ular Urugvayni minimal hisobda mag'lub etishdi. Sardorlik bog'ichida o'ynagan Maradona dastlabki to'rtta o'yinda atigi bitta gol urgandi.
Ammo angliyaliklar musobaqani qiyinchilik bilan boshlagan – ular Portugaliyaga mag'lub bo'lishdi va Marokash bilan murosaga ko'chasini tanladi. So'nggi turda Bobbi Robson shogirdlari Gari Linekerning xet-triki (barcha gollarni birinchi bo'limda urgan) evaziga polshaliklarni mag'lub etishdi. Hujumchi bu bilan to'xtab qolmay, Paragvayga qarshi kechgan 1/8 finalda (3:0) ikkita gol urdi.
22 iyun kuni Angliya va Argentina terma jamoalari Mexiko shahridagi “Atsteka” stadioni maydoniga saf tortdi. Qanchalik arzimas tuyulmasin, lekin o'yin unchalik muhim emasdi. Bu Buyuk Britaniya va Argentina o'rtasidagi Folklend urushidan to'rt yil o'tgach sodir bo'lgan va mana shu voqelik asosiy xususiyatga ega edi. Maradona jangovar ruh bilan maydonga chiqdi va faoliyatidagi eng yaxshi uchrashuvlardan birini o'tkazdi. Birinchi bo'lim golsiz o'tdi, tanaffusdan so'ng Diego ingliz darvozaboni Piter Shiltonni ikki bor dog'da qoldirdi. Birinchi gol haqli ravishda Jahon chempionati tarixidagi eng shov-shuvli gollardan biri hisoblanadi.
Xorxe Valdano va Stiv Xoj o'rtasidagi dueldan so'ng, to'p angliyalik futbolchining oyog'iga tegib, jarima maydoni markaziga yo'naldi. Maradona va Shilton to'p uchun kurashdi. Argentinaliklar sardori darvozabondan ustun keldi va hisobni ochdi. To'g'ri, 10-raqam egasi buni qoidaga zid ravishda amalga oshirib, to'pni mushti bilan darvozaga yo'lladi. Bosh hakam Ali Bin Nosir butun dunyoni hayratda qoldirib, qoidabuzarlikni sezmay golni hisobladi. Hatto inglizlarning jiddiy e'tirozlari ham ularga yordam bermadi.
Argentina terma jamoasi futbolchilari dastlab hakam golni hisobga olishiga ishonmagan, shu bois jamoadoshini tabriklashga shoshilmagan. “Inglizlar sarosimaga tushib qolishdi. Jamoadoshlarimga meni quchoqlashlarini aytdim, aks holda hakam fikrini o'zgartirardi. Kimdir inglizlarni talon-taroj qilyapmizmi, dedi. Men esa o'g'rini o'margan odam to'liq kechirimga ishonishi mumkin, deb javob berdim”, – deya ushbu voqeani eslagan Maradona.
Biroz vaqt o'tgach, Diego “asr goli”, deb tan olingan asarni “yozdi”. U to'p bilan maydonning yarmini bosib o'tdi, yo'lida uchragan har qaysi futbolchi, hatto darvozabonni ham aldab o'tib, to'pni bo'sh darvozaga yo'lladi.
Keyinchalik ushbu vaziyatni Linekerning o'zi: “Maradona – futbol dahosi. Ajoyib individual harakatlar”, – deya eslagan. Gari uchrashuv oxirida bitta gol kiritadi, ammo uning jamoasi mag'lubiyatdan qutulib qola olmagan. Argentina chempionlik sari yana bir qadam tashlaydi, Angliya esa uyiga ketadi.
Uchrashuv ishtirokchilari shov-shuvli gol haqida qanday fikrda bo'lgan?
Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Diego birinchi golni qisman “Xudoning qo'li” bilan, qisman Maradonaning boshi bilan urganini aytadi. Ko'p yillar o'tgach, Diego o'z kitobida voqealarni shunday tasvirlaydi:
“Men inglizlarni talon-taroj qilgandek edim. Qanday qilib bunchalik balandga sakrab, yana erga qaytib tushganimni bilmayman. Men golni nishonladim, hakamlarga hayron bo'lib qaradim, chunki ular nimadandir gumon qilishlaridan qo'rqardim. Yaxshiyamki, bu sodir bo'lmadi. Men o'zimni ahmoq qilib ko'rsatdim – boshqa qiladigan ishim yo'q edi. Bu gol britaniyaliklarning ko'z yoshlari to'kilishiga sabab bo'ldi. Keyin britaniyalik jurnalistga bu toza gol bo'lganini aytdim. Chunki hakam uni hisoblagan edi.
Angliyalik darvozabon Piter Shiltonning fikricha, Maradona butun dunyoni aldagani uchun uzr so'rashi kerak edi:
“O'yindan so'ng Stiv Xoj Maradona bilan forma almashdi. Agar biz Diegoning libosi Angliyaning kiyinish xonasida ekanligini bilganimizda, uni shunchaki bir necha bo'laklarga bo'lib tashlardik. Men uni ro'molcha sifatida ham ishlatmagan bo'lardim. Diegoning birinchi maqsadi aniq – firibgarlik. U golni nishonlash uchun yugurib, ikki marta orqasiga qaradi va hakam golni bekor qilishini kutdi. Diego nima qilganini bilardi. Uning xiyla-nayrangini ikki hakamdan boshqa hamma ko'rdi. Ikkinchi gol ajoyib, ammo ishonchimiz komilki, birinchisi bo'lmaganida bu amalga oshmasdi. Biz bir necha daqiqa oldingi shokdan hali qutulmagan edik.
Maradona hech qachon bu epizod uchun kechirim so'ramagan, bu meni juda g'azablantiradi. U aldaganini hech kimga aytmagan. Buning o'rniga Diego “Xudoning qo'li” haqida gapirdi. Bu to'g'ri emas. Maradona ajoyib futbolchi, ammo shaxsiyati bilan hech kimga namuna bo'la olmaydi. U nafaqat meni, balki butun jamoamizni aldadi. Ba'zilar uning mendan balandroq sakragani haqida gapiradi. Bu bema'nilik. U mendan baland sakramadi, u shunchaki firibgar. Bir necha yil o'tgach, xuddi o'sha tunislik hakam Diegoni quchoqlagan tasvirlari paydo bo'ldi. Qanday qilib, yana shu epizoddan keyin-a? Ammo, umid qilamanki, qo'l to'pi Maradona obro'siga dog' tushirmaydi. U ajoyib futbolchi edi”.
Gari Linekerning fikricha, hakam Maradonaning ikkinchi golini ham hisoblamasligi kerak edi:
“Darvozabon Shilton Maradonani hech qachon kechirmaydi, men Piterni tushunaman. Diego birinchi golni qo'li bilan kiritgan bo'lsa, ikkinchi gol oldidan futbolchimizga nisbatan qoida buzilishi kuzatildi. Hujjatli filmni tomosha qilib, bunga ishonchim yanada ortdi. Ma'lum bo'lishicha, argentinaliklar ikki marta qoidani buzgan holda gol urishgan va mening golim g'alaba goli bo'lishi kerak edi. Har bir inson “Xudoning qo'li”ni eslaydi, lekin ikkinchi to'p haqida nima deyish mumkin? Bu past bo'yli yigit bir nechta raqiblarni ko'rmagandek maydonda aylanib chiqdi. Umrimda birinchi marta darvozamizga to'p kiritgan futbolchini olqishlamoqchi bo'ldim. Bu aql bovar qilmaydigan ish edi”.
O'sha uchrashuv bosh hakami keyinchalik barcha aybni yon hakam – bolgariyalik Bogdan Dochevga ag'dargan: “Agar lahzani qayta ko'rib chiqsangiz, mening chiziqdagi yordamchim yaxshiroq holatda ekanini tushunasiz. O'yin oldidan FIFA bizga aniq ko'rsatma berdi. Agar laynsmen asosiy hakamdan yaxshiroq pozitsiyaga ega bo'lsa, uning qarori ustuvor bo'lishi kerak. Yon hakam esa bayroqni ko'tarmadi”, – degan edi Bin Nosir.
Dochev esa, albatta, bosh hakam aybdor, deb hisoblaydi: “O'shanda FIFA yordamchilarga bosh hakamlar qarorlarini muhokama qilishga ruxsat bermagan. Agar tashkilot mana shunday muhim o'yinga Evropadan hakam tayinlaganida, Maradonaning goli bekor qilingan bo'lardi. Diego mening hayotimni buzdi. U ajoyib o'yinchi, lekin yomon odam”, – dkydi Dochev.
Ushbu hakam argentinalikning fotosuratlaridan birining ostiga hatto: “Maradona – mening qabr qazuvchim”, deb yozib qo'ygan.
Dochevaning rafiqasi esa bosh hakam va Maradonani hech qachon kechirmasligini ta'kidlagan. Uning aytishicha, Jahon chempionatidan keyin ularning hayoti barbod bo'lgan, do'stlari esa ular bilan salomlashishni ham to'xtatgan.
Afsonaviy epizod ishtirokchilarining taqdiri qanday kechdi?
Maradona keyinchalik “Napoli” bilan bir nechta sovrinlarni qo'lga kiritdi va yana ikki marta Jahon chempionatida ishtirok etdi. 1990 yilda Argentina to'rt yil oldingi muvaffaqiyatni takrorlashdan bir qadam avval to'xtadi va 1994 yilgi jahon chempionatida afsonaviy argentinalik guruhdagi ikkinchi o'yindan so'ng diskvalifikatsiya qilindi. Doping tekshiruv uning qonida taqiqlangan dorilar mavjudligini ko'rsatdi. Garchi Diego terma jamoani 2010 yilgi Jahon chempionatiga olib chiqqan bo'lsa ham uning murabbiylik faoliyati muvaffaqiyatsiz kechdi. O'shanda Argentina chorak finalda “nemis mashinasi” tomonidan yo'q qilindi. Maradona 2020 yilning noyabr oyida vafot etdi.
O'sha uchrashuvning bosh hakami Ali Bin Nosir 1986 yilgi jahon chempionatidan so'ng FIFA bayrog'i ostida o'tkaziladigan barcha turnirlardan chetlashtirilgan edi. 2015 yilda Maradona shov-shuvli golni hisoblagan tunislik hakamning yoniga tashrif buyurdi. Diego hakamga o'z imzosi tushirilgan Argentina terma jamosi futbolkasini topshirdi va unga “Ali uchun, mening azaliy do'stim”, – deya yozib berdi. Bin Nosir Maradonaga hakam, Diego va Shiltonning afsonaviy o'yin boshlanishidan oldin tushirilgan hoshiyali suratini sovg'a qildi. Laynsmen Dochev esa shov-shuvli goldan so'ng darhol faoliyatini yakunladi, 2017 yilda esa vafot etdi.
Angliya terma jamoasi darvozaboni Piter Shilton 1990 yilda uchinchi va oxirgi jahon chempionatiga yo'l oldi. U terma jamoada yuzdan ortiq o'yin o'tkazgan. Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi uni XX asrning eng yaxshi 10 nafar darvozaboni ro'yxatiga kiritdi. Shilton rasmiy o'yinlar soni bo'yicha jahon rekordini o'rnatgan (1390 ta rasmiy o'yin). U bu natijaga 30 yillik faoliyati davomida erishgan. Piter Jahon chempionatlarining final bosqichidagi “quruq” o'yinlar soni bo'yicha frantsiyalik Fabian Bartez bilan birinchi o'rinni egallab turibdi (10 ta “quruq” bahs). Shilton terma jamoadagi so'nggi o'yinini 40 yoshida o'tkazgan, o'shanda Angliya 1990 yilgi JCh bronza medali uchun o'tgan bellashuvda Italiyaga mag'lub bo'lgan (1:2).
Shilton 2013 yilda mast holda mashina haydagani uchun qo'lga olingan. U 20 oyga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilingan va 1000 funt sterlingdan ko'proq jarimaga tortilgan. Bir necha yildan so'ng Piter hatto qimor o'yinlariga qaramlikni engib o'tganini tan oldi.
Diego Maradonaning shaxsiy hayoti uning maydondagi harakatlari kabi go'zal bo'lmagan. Biroq, butun dunyo uning Angliya bilan o'yinda kiritgan ikki golini yodda saqlab kelmoqda. O'sha musobaqa to'purari bo'lgan Gari Lineker esa Maradonani qanchalik alqamasin, o'tgan yillar davomida alamzada holatda yashab keladi. Garchi maydonda g'aroyib o'yin sodir bo'lganiga qaramasdan, uchrashuv Folklend orolining haqiqiy egasi kim ekanini isbotlagan. U Maradona edi.
Manba: www.championat.com