Granovskaya endi ortiqcha-mi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 87

Evropaning eng yaxshi menejerlaridan biri hisoblangan Marina Granovskaya «Chelsini» tark etmoqda.
Bu haqda Angliyaning etakchi OAVlari xabar berdi. May oyida klubning yangi xo'jayinlari uni yuksak qadrlashlari va olib qolmoqchi ekanliklari aytilgandi. Endi esa...
20 yil muddat «Chelsi» rahbariyatiga ishlagan Bryus Bakning klub direktorlar kengashi raisligini tark etishi ham Granovskayaning qaroriga ta'sir o'tkazgan. The Guardian xabariga ko'ra, yangi xo'jayin Todd Bouli raislikni o'zi egallashga moyil, Lukakuning «Inter»ga ijaraga berilishi bilan aynan u shug'ullanmoqchi.
Granovskaya 2010 yildan Abramovichning ishonchli vakiliga aylangan, 2013 yildan esa «Chelsi» direktorlar kengashiga kirgandi. Besh yil o'tib, Forbes uni xalqaro sportdagi eng obro'li ayol deb tan oldi. 2021 yilda Tuttosport Marinani Evropadagi eng yaxshi futbol menejeri sifatida e'tirof etdi. Bularning bari Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyat fonida yuz berdi. O'tgan yilgi transferlar o'zini oqlamagan bo'lsada, Granovskayaning «Chelsi»dagi faoliyatini faqat ijobiy baholash mumkin. Xarajatlar va sovrinlar nisbati investitsiyalar o'zini oqlaganini ko'rsatmoqda.
Endi Marina qaerga boradi? Uning Rossiya top-klublaridan birida ish boshlash varianti haqida gapirildi. Ammo uning RPL jamoasida paydo bo'lishi imkonsizdek tuyulmoqda. Garnovskaya Mourinoni «Chelsi»ga qaytargan, Terrini esa klub shartlari asosida kelishuvni yangilashga ko'ndirgandi. Bunday mutaxassis futbolchi va murabbiyni ogohlantirmay, transferni amalga oshiradigan, klub direktori o'rindiqda o'tirib, murabbiyga ko'rsatma beradigan, liga translyatsiyasi uchun tenderi yo'q ligada ishlay olarmikan?
Hozirgi maqomi va aloqalari bilan Marina APLning o'zidan ish topishda qiynalmaydi. Garchi uni «Chelsi»dan boshqa erda tasavvur qilish qiyin bo'lsa ham. Qolaversa, avvalgidek unga 100 foiz ishonadigan klubga boradi. Umuman, Granovskaya katta ehtimol bilan Abramovichning yangi jamoasiga boradi. Hozircha rossiyalik oligarxning Ispaniya «Valensiya»si hamda Turkiya «Gyoztepa»sini sotib olishi haqidagi xabarlar feykligicha qolmoqda.
R.IBROHIMOV tayyorladi
Manba: «Interfutbol» gazetasi
Bosh sahifaga
234