Xayrulla Hamidov maqolasi: «Gvardiola degan soha»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1467
Manchester derbisi... Hammasi tugadimi? Ikki peshqadam ham uchtadan o'yin o'tkazadi, Angliyada oxirigacha bir narsa deb bo'lmasdi-ku, nega ko'pchilik “Manchester Siti”ni “Old Trafford”dagi g'alabasidan so'ng chempionga chiqarib qo'ymoqda?
Chunki “buyuk teatrlar uyi”da mo'jiza yuz bermadi, «Liverpul»chilar kutgan nodir hodisa sodir bo'lmadi. Bu o'ta muhim o'yin edi. Sulsher qo'lidan kelganini qildi. Lekin gap bu erda mezbonlarda emasdi. “Shaharliklar”da edi. Yo'q, yo'q, gap faqat ularning ustozida edi. Pep Gvardiola o'z uslubini yana dunyo ahliga ko'z-ko'z etdi: u doimo davraviy tizimda zo'r murabbiy bo'lib qolaveradi.
Gvardiola futbolchilarga taktik qarashlarini singdirishda benazir hisoblansa, “Manchester Siti” futbolchilariga mavsum davomidagi o'yinlarda muvozanatni ushlashni ham zo'r tushuntira olgan. Qarang, De Bryuynedek futbolchisi jarohat olsa-da, o'yini o'zgarmadi. Bunaqa klub Pepdan boshqasida topiladimi?!
Gvardiola uzun mavsumni o'tkazishda Fergyusondan ham zo'rroq desam, «MYu»chilar xafa bo'lishmasin. Zotan, ser o'z uslubiga uzoq yillar o'tibgina ega bo'lgan, ispaniyalik mutaxassis bu narsani ishlagan uchala jamoasida ham tezda amalga oshira olgan.
Gvardiola davraviy tizimga bardosh bera oladigan kuchli taktikasi, mustahkam strategiyasi borligiga klub mutasaddilarini ishontira oladi, shu bois, u so'ragan o'yinchi olib kelinadi. Oldindan nima qilayotganini biladigan mutaxassis u.
Pepga intriga ham shart emas. Chempionatning urfiga qarab o'ynayveradi: La Liga, Bundesliga va APL... Chempionlik uchun kurash turlicha kechadigan chempionatlarda Gvardiola o'sha erning futbolini tez o'zlashtirib oladi va jamoasini mavsum oxirigacha engib bo'lmaydigan holatga olib chiqadi.
Har qanday mukammallik ostida bitta kamchilik yashirinib yotadi. Uning yutug'i kubok o'yinlaridagi kamchiligiga zamin yaratib kelmoqda. Gvardiola chempionlar ligasida ikki yilki ingliz klublaridan o'ta olmayapti. Chempionatda ularni tor-mor qilsa-da, pley-offda negadir qoqiladi. Xuddi shu kayfiyatni u “Barselona”ga ham yuqtirib ketgan – jamoa hatto Pep ketganidan so'ng ham ikki marta chempionatda istaganicha yutib yuradigan “Atletiko”ga imkoniyatni boy berdi (“Real”ni EChLdan chiqarib yuborgan mavsumi esa, ko'proq Messining hisobiga yozilsa to'g'ri bo'lardi – Leo 2011 yil juda qo'rqinchli o'yin ko'rsatgan).
“Bavariya” ham Pep davrida EChL orzusiga etisha olmadi. Mehmonda urilgan gol, qandaydir g'alati xatolar va o'sha – 11-yildan beri Evropa shoxsupasiga chiqa olmaslik...
Chiqa olmasa ham kerak. Ammo Valverde aytganidek, bu natijalar Gvardiolani dunyoning eng yaxshi murabbiyligidan tushirib qo'ymaydi. Pep qurayotgan futbolning mukammalligi ostida shu qurbonliklar ham shartga o'xshaydi. Har holda, pley-off degan ajdaho komidan qutula olmay, jahon futbolidagi nasibalaridan ayrilib yashagan Yoxan Kroyfning shogirdi u. Ustozidan o'tmagan shogird shogirdmi, axir?!
Yurgen Klopp EChLning ikki o'yinida “Man Siti”ni qanday engganini o'tgan mavsum ko'rdik, bu yilgi Premer ligada o'zaro o'yinlarda bor-yo'g'i bir ochko oldi. Demak, germaniyalik mutaxassis o'zi ustozlik qilayotgan “Liverpul” suyadigan pley-off o'yiniga ko'proq tayyorlanaversin, Gvardiolaning “Siti”si endi qoqilmasa kerak...
Xayrulla Hamidov