Dzyudo. Kemran Nurullaev kumush medalni qo'lga kiritdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 714
Shu kunlarda Turkiyaning Antaliya shahrida dzyudo bo'yicha an'anaviy “Gran-Pri” xalqaro turniri davom etyapti. 75 davlatdan 485 nafar (297 erkak, 188 ayol) sportchi qatnashayotgan nufuzli musobaqada yurtimiz sharafini 7 nafar dzyudochimiz himoya qilmoqda.
Turnirning birinchi kunida -60 kg vazn toifasidagi bahslarda hamyurtimiz Kemran Nurullaev tatamiga chiqdi. Dastlabki bosqichlarda Xitoy Taipeyi, Turkiya, Bolgariya va ozarbayjonlik nomdor raqiblarini mag'lub etgan polvonimiz yarim finalda o'smirlar o'rtasida jahon chempioni bo'lgan turkiyalik Mixrach Akkshdan ustun keldi.
Afsuski finalda sportchimizga biroz tajriba etishmadi va Rio olimpiadasining kumush medali sohibi qozog'istonlik Eldos Smetovga imkoniyatni boy berib qo'ydi. Shunday qilib, Kemran Nurullaev turnirning kumush medali hamda Tokio Olimpiadasi uchun reyting ochkolarini qo'lga kiritdi.