Mixail Mudrikning doping ishi sport arbitraj sudiga etib bordi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 309

Ukraina terma jamoasi va “Chelsi” futbolchisi Mixail Mudrikning doping bilan bog'liq ishi Xalqaro sport arbitraj sudiga (CAS) etib bordi. Futbolchi Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA) qarori ustidan apellyatsiya bergan. U 2024 yil dekabr oyida doping-testdan o'ta olmagani sababli dastlab assotsiatsiya tomonidan futboldan chetlatilgan edi.
Hozirda u apellyatsiya arizasini topshirgan va ish CAS tomonidan ko'rib chiqilmoqda. Xabarlarga ko'ra, tomonlar o'rtasida “yozma bayonotlar” almashinuvi yakunlangan, biroq sud majlisi sanasi hali belgilanmagan.
Ukrainalik futbolchi so'nggi bor “aristokratlar” safida 2024 yil noyabr oyida Konferentsiyalar Ligasi doirasida maydonga tushgan edi.
2025 yil iyun oyida rasman ayblov e'lon qilinganidan beri Mudrik ish yakuni va apellyatsiya natijasini kutmoqda.
2024 yilda bergan bayonotida Mudrik doping-test natijasi u uchun “mutlaqo kutilmagan holat” bo'lganini va “hech qanday xato ish qilmaganini” ta'kidlagan edi. “Chelsi” klubi esa o'z ichki surishtiruvini o'tkazgan va 25 yoshli futbolchiga chetlatish e'lon qilingandan so'ng jamoa bilan mashg'ulot o'tkazishga ruxsat bermagan.
Mudrik 2023 yilda “Shaxtyor Donetsk”dan “Chelsi”ga 89 million funt sterling evaziga o'tgan edi. U klub safida 73 ta o'yinda maydonga tushib, 10 ta gol va 11 ta assist muallifiga aylangan. Hozirda futbolchi jismoniy holatini saqlab turish uchun jamoasidan alohida mashg'ulot olib bormoqda.

Bosh sahifaga
352