"Marsel" hamon "Yuventus" bilan Timoti Veaning transfer shartlari bo'yicha kelisha olmayapti.

Lateral pozitsiyasida o'ynaydigan 25 yoshli vinger provansliklar safiga o'tishga rozilik bildirdi va tezroq transfer amalga oshishiga umid qilmoqda, ammo klublar o'rtasidagi muzokaralar oson kechmayapti. Veaning agenti hayron, chunki iyun oyida "keksa sinora" futbolchini "Nottingem Forest"ga 14 million evroga sotishga tayyor edi, endi esa "Marsel"dan xuddi shunday taklifni qabul qilishdan bosh tortmoqda, deya xabar beradi jurnalist Nikolo Skira. Eslatib o'tamiz, amerikalikning o'zi "o'rmonchilar"ga rad javobini bergan edi.

"Yuventus"ning o'z sabablari bor: bosh direktor Damen Kamolli Timoti Veaning "Marsel"ga 14 mln evroga sotilishini ma'qullamoqchi emas, chunki nomi oshkor etilmagan ingliz klubi ancha ko'proq - 18-20 mln evro taklif qilmoqda.