"Yuventus" va "Portu" o'zaro futbolchi almashishi mumkin

"Portu" "Yuventus"ga o'ng qanot himoyachilarini almashtirish bo'yicha kelishuv taklif qildi. "Ajdarlar" 21 yoshli Albertu Koshtani o'z safiga qo'shib olmoqchi, Portugaliya klubiga esa 25 yoshli Joau Mariuni berishga tayyor, deya xabar bermoqda jurnalist Fabritsio Romano. Portugaliya klubi kelishuv doirasida "keksa sinora"ga qo'shimcha 3 mln evro to'lashga rozi.
Har ikki futbolchining narxi nufuzli Transfermarkt sayti tomonidan 10 mln evroga baholanmoqda. Eslatib o'tamiz, "Yuventus" Koshta uchun "Vitoriya Gimaraes"ga deyarli 14 mln evro to'lab, uni atigi yarim yil oldin sotib olgan edi.
Albertu Koshtaning shartnomasi 2029 yilgacha mo'ljallangan, Mariuning "Portu" bilan amaldagi kelishuvi esa 2027 yilda o'z nihoyasiga etadi.