"PSJ" forvardi Randal Kolo-Muani "Yuventus"ning hujum chizig'ini kuchaytirish bo'yicha ustuvor maqsadi bo'lib qolmoqda. La Gazzetta dello Sport xabariga ko'ra, frantsuz Turinga qaytishga tayyor va boshqa variantlardan voz kechib, o'z istagini parijliklar rahbariyatiga ma'lum qilgan.

Turinliklar bosh murabbiyi Igor Tudor ham futbolchining qaytishini ta'kidlamoqda. Klub sport direktori Damen Komolli yangi taklif tayyorlamoqda: 10 million evroga ijaraga olish va bir qator shartlar bajarilganda majburiy sotib olish. Bitimning umumiy summasi 40 mln evrodan oshishi mumkin. "PSJ" to'liq sotib olish kafolatini talab qilmoqda.

Kolo-Muani o'tgan mavsum "Yuventus" safida 22 ta o'yinda maydonga tushib, 10 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning "PSJ" bilan shartnomasi 2028 yilgacha mo'ljallangan va Transfermarkt futbolchini 30 mln evroga baholamoqda.