«Tottenhem» «Manchester Siti» vingeri Savioni transferi bo'yicha muzokara boshladi

Londonning «Tottenhem» klubi «Manchester Siti» qanot hujumchisi Savioga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda jurnalist va insayder Fabritsio Romano ijtimoiy tarmoq X orqali xabar berdi.
Manbaning ma'lumoticha, klublar muzokaralarni boshlagan va 21 yoshli futbolchi o'zi ham transferga qarshi emas. Ta'kidlanishicha, «shporlar» bosh murabbiyi Tomas Frank shaxsan Savioning nomzodini ma'qullagan va u bilan ishlash imkoniyatidan mamnun.
Savio 21 yoshda. U 2022 yilda «Atletiko Mineyro»ni tark etgach Evropada faoliyat olib bormoqda. Ilgari Niderlandiyaning PSV va Ispaniyaning «Jirona» jamoalarida ham o'ynagan. O'tgan mavsumda vinger «shaharliklar» safida barcha musobaqalarda 48 ta o'yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 13 ta golli uzatma berdi. Uning Angliya klubi bilan shartnomasi 2029 yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchini 50 mln evroga baholagan.