Namanganda Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o'smirlar o'rtasida o'tkazilayotgan “J100” tasnifiga kiruvchi xalqaro turnirning erkaklar o'rtasidagi juftlik bahslarida chorak finalchilar nomi aniq bo'ldi.

Quvonarlisi, mazkur yo'nalishda hamyurtlarimizdan Ahmadjon Toshmuhammedov va Abdulaziz Usmonjonov tandemi yarim final ostonasida neytral tennischilar Fedor Altukov va Ivan Doroxovni 2:6, 6:4, 10:5 hisobida taslim etdi.

Shuningdek, Nuriddin Baxtiyorov va Suhrob Saidov 1/2 final yo'llanmasi uchun kechgan bellashuvda qozog'istonlik Toir Kayretdinov va Mansur Sainov ustidan 6:3, 7:5 hisobida zafar quchdi.

Endi Nuriddin Baxtiyorov va Suhrob Saidov yarim finalda Hong Kong vakili Siu Chi Cheng va polshalik Viktor Jez bilan raqobatlashadi. Ahmadjon Toshmuhammedov va Abdulaziz Usmonjonov esa qozog'istonlik Timur Saulenko hamda Arseniy Trebukinga qarshi kortga chiqadi.