Xitoyning Chendu shahrida davom etayotgan XII Butunjahon sport o'yinlarining sambo bo'yicha bellashuvlarida terma jamoamiz o'z ishtirokini muvaffaqiyatli yakunladi.

Jumladan, musobaqada Gulsevar O'roqova hamda Shahzoda Azatova o'z vazn toifalarida oltin medalini qo'lga kiritgan bo'lsa, Feruza Boboqulova hamda Mavluda Abdullaeva kumush medaliga ega chiqdi. Shuningdek, Madina Salohiddinova va Sharif Kushaev o'z vazn toifalarida bronza medali bilan taqdirlandi. Darvoqe, jamoaviy bahslarda qizlarimiz oltin, yigitlarimiz esa bronza medaliga ega chiqdi.

Shu tariqa, O'zbekiston sambo terma jamoasi XII Butunjahon sport o'yinlarida 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medaliga sazovor bo'ldi.

Mazkur natijalardan so'ng, O'zbekiston sport delegatsiyasi 3 ta oltin, 3 ta kumush va 5 ta bronza medaliga ega chiqqan holda umumjamoa hisobida 112 ta davlat orasida 21-o'ringa ko'tarilib oldi.