"Roma" "Inter" qiziqish bildirayotgan yarim himoyachi Kuadio Konening o'rniga kimni olib kelishini aniqlab oldi. Insayder Fabritsio Romanoning X ijtimoiy tarmog'ida yozishicha, rimliklar "Monako"dan 21 yoshli Sungut Magassa haqida ma'lumot so'ragan.

Manbaga ko'ra, Magassa nomzodini "Roma" sport direktori Frederik Massara ilgari surmoqda. Frantsiya yoshlar terma jamoasi himoyachisining "Roma"ga o'tishi, agar "Inter" Konening transferini yopsa, amalga oshishi mumkin. Avvalroq, milanliklar xavbek uchun "bo'rilar"ga 50 mln evro berishga tayyorligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

"Monako" esa "Nottingem Forest"ning Magassa bo'yicha taklifini rad etdi. Inglizlar transfer uchun 13 mln evro to'lashga tayyor edi. Transfermarkt portali "Monako" tarbiyalanuvchisini 12 mln evroga baholamoqda.