"Real" Rodrigo uchun ancha-muncha klub to'lashi qiyin bo'lgan tovon puli belgiladi

Madridning "Real" klubi braziliyalik hujumchi Rodrigo uchun yaxshi pul taklifi bo'lsa, uni sotib yuborishga tayyor.
Jurnalist Nikolo Skiraning ma'lumotiga ko'ra, hujumchiga Angliya Premer-ligasining top-klublaridan qiziqish bor. O'z navbatida "qaymoqranglilar" 24 yoshli braziliyalik futbolchi uchun 120-130 million evro tovon puli talab qilmoqda. Avvalroq, Rodrigoni "Arsenal" va "Liverpul" o'z safiga qo'shib olmoqchi ekani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Braziliyalik futbolchi "qirollik klubi" safida 2019 yilning iyulidan buyon to'p tepib kelmoqda. Futbolchining "Real" bilan amaldagi shartnomasi muddati 2028 yilning iyun oyi oxirida tugaydi. Transfermarkt portali hujumchining narxini 90 million evroga baholamoqda.