"Real" o'zining rasmiy saytida 2024/2025 moliyaviy yil yakunlari bo'yicha ma'lumotlarni e'lon qildi. Madrid top-klubining daromadlari transferlarni hisobga olmaganda rekord darajadagi 1,185 milliard evroni tashkil etdi. Bu bir yil avvalgi ko'rsatkichdan 10 foizga ko'p, o'shanda "qaymoqranglilar" yillik daromadi 1 milliard evrodan oshgan futbol tarixidagi birinchi klubga aylangandi.

"Real"ning soliqlardan keyingi sof foydasi 24,3 million evroni tashkil etdi. Sof kapital 598,3 million evroni tashkil etdi.

Eslatib o'tamiz, yozda "Real" klublar o'rtasidagi jahon chempionatida "PSJ"ga 0:4 hisobida imkoniyatni boy berib, yarim finalga qadar etib borgan edi. Hozirda jamoa ta'tilda.