Rasman. "PSJ" muxlislari uzoq kutgan transfer amalga oshdi (foto)

Markaziy himoyachi Ilya Zabarniy Angliyaning "Bornmut" klubidan Frantsiyaning "PSJ" klubiga o'tdi. Bu haqda parijliklar matbuot xizmati xabar bermoqda.
22 yoshli futbolchi "PSJ" bilan 2030 yilgacha mo'ljallangan mehnat shartnomasini imzolagan. OAV ma'lumotlariga ishonadigan bo'lsak, himoyachini sotib olish Frantsiya chempioniga 63 million evroga va bonus to'lovlariga tushgan.
Zabarniy 2023 yildan buyon "Bornmut" sharafini himoya qilib kelayotgandi. Jamoa tarkibida u barcha musobaqalarda 86 ta o'yin o'tkazib, bitta gol urgan va bitta golli uzatmani amalga oshirgan.
Ertaga, 13 avgust kuni "PSJ" UEFA Superkubogi doirasida "Tottenxem"ga qarshi bahs olib boradi.
