Yarim himoyachi Tommazo Pobega yana "Bolonya" futbolchisiga aylanadi. "Milan" xavbekni yana bir yilga ijaraga berdi. Bitim qiymati 1 mln evroga baholanmoqda.

Eslatib o'tamiz, 26 yoshli Pobega o'tgan mavsumni to'liq "Bolonya"da ijarada o'tkazgan edi. Futbolchi "Milan" tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, ammo bu uning "rossonerilar"dan boshqa klubga oltinchi ijarasi bo'ldi. Tommazoning "Milan" bilan shartnomasi 2027 yilning yozigacha amal qiladi.

"Bolonya" Vinchentso Italiano qo'l ostida o'tgan mavsum yakunlariga ko'ra Italiya kubogi sohibiga aylandi, jamoa kelasi mavsumda UEFA Evropa ligasida ishtirok etadi. O'tgan mavsumda "Bolonya" Chempionlar ligasida o'ynagan edi.