"Pari Sen-Jermen" hujumchisi Gonsalu Ramush faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettirishi mumkin.

Oy boshida matbuotda "hakkalar" "Manchester Yunayted" "ilib ketgan" Benyamin Sheshko o'rniga portugaliyalikni sotib olish niyatida ekani haqida ma'lumot paydo bo'ldi. Aniq muzokaralar o'tkazilmadi, biroq Mail Sport xabariga ko'ra, "Nyukasl" yana parijliklar forvardiga qiziqish bildirmoqda. Katta ehtimol bilan, klub "Liverpul" sotib olishi mumkin bo'lgan Aleksandr Isakni sotgandan keyin bitim ustida ish boshlaydi.

Gonsalu Ramushning o'zi "PSJ"ni tark etmoqchi emas, bu haqda u yaqinda "Tottenxem"ga qarshi bo'lib o'tgan UEFA Superkubogi o'yinidan keyin ochiqchasiga ma'lum qildi.