"Portu" "Atletiko" hujumchisi huquqlarini to'liq sotib oldi

"Portu" "Atletiko"dan Samu Omorodion Agexovaga bo'lgan huquqni to'liq sotib oldi.
Futbolchining dastlabki transferidan so'ng, portugal klubida huquqlarning atigi 50 foizi bor edi. May oyi boshida ular yana 15 foizni 5 mln evroga sotib olgandi.
Endi esa "Portu" shartnomada ko'rsatilgan ikkinchi sotib olish imkoniyatidan foydalanib, xuddi shu summaga futbolchiga qo'shimcha 15 foiz iqtisodiy huquqni qo'lga kiritdi. "Atletiko" bilan muzokaralar davom ettirildi va "Portu" qolgan 20 foiz huquqni 7 million evroga sotib oldi.
Shunday qilib, portugallar endi Agexovaga bo'lgan huquqlarga to'liq egalik qilishadi.
21 yoshli forvard "Portu"ga o'tganidan buyon 45 ta o'yinda maydonga tushib, 27 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Dekabr oyida u chempionatning eng yaxshi hujumchisi va oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Portugaliya klubidagi birinchi mavsum yakunlariga ko'ra, Samu chempionat (19 gol) va Evropa Ligasida (6 gol) ikkinchi to'purarga aylandi.