“Andijon” klubining yozgi transferlaridan biri – bu “Paxtakor”dan taklif qilingan iqtidorli hujumchi Otabek Jo'raqo'ziev hisoblanadi.

U jamoaning Tojikistondagi yig'inida boshqa futbolchilar qatori faol ishtirok etmoqda va o'zini ko'rsatish ishtiyoqida mehnat qilyapti. Otabek Jo'raqo'ziev kuni kecha klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- Otabek, "Andijon"ning yangi a'zosi sifatida o'zingizni qanday his qilmoqdasiz?

- Assalomu alaykum! Jamoaga qo'shilganimdan xursandman. O'zimni juda a'lo ravishda his qilmoqdaman.

- Mashg'ulotlarda va jamoaning ichida ko'rdikki, siz xuddi oldindan "Andijon"da o'ynayotgandek, eski futbolchilardek tasavvur uyg'otyapsiz. Moslashib ketish ortiqcha muammo tug'dirmadi, nazarimda, shunday emasmi?

- Moslashish qiyin bo'lmayapti. Chunki jamoadagi ayrim fubolchilar bilan birga harakat qilganmiz, ayrimlari bilan olimpiya termasida birga o'ynaganmiz. Shu bois moslashish qiyin kechmayapti.

- Aslida "Paxtakor"dan ketishingiz va "Andijon"ga o'tishingiz nima bilan bog'liq?

- Qisqa qilib aytganda, o'yin amaliyoti.

- Jamoa muxlislariga qanday aytar so'zingiz bor?

- “Andijon” muxlislari markaziy Osiyoda eng zo'rlaridan deb bilaman. Bunday muxlis to'la maydonda o'ynash har doim yoqimli bo'lgan. Uy uchrashuvlarini intiqlik bilan kutmoqdaman.

- Maksim Shatskix ham kuchli hujumchi bo'lgan va endi siz uning qo'l ostida o'ynaysiz. Siz ham hujumchisiz va bu hol Shatskix boshchiligida yanada "ochilishingiz"ga xizmat qiladi, deb o'ylaysizmi?

- Albatta, Maksim Shatskix qo'l ostida “Paxtakor”da ham o'ynaganman. Ko'p narsalarni o'rgatganlar. Hozir ham o'rganyapman va yana o'rganishda davom etaman.

- Shatskixning o'yinlarini eslay olasizmi? Masalan, qaysi o'yinlari yoki gollarini?!

- Biz u paytda yosh bo'lganmiz. Lekin telefon orqali ko'rganman. Milliy termada eng yaxshi to'purarlardan biri bo'lgan. Gollariga kelsak, eng mashhur gollaridan biri “Real” Madridga urgan gollarini ko'rganman.

- "Andijon" safida dastlabki o'rtoqlik o'yinida maydonga tushdingiz, qanday taassurot qoldirdi?

- Birinchi uchrashuvni o'tkazdik, yaxshi o'yin bo'lib o'tdi, deb ayta olaman. Hozir jismoniy yuklamalar bilan harakat qilyapmiz, kamchilik ham bo'ldi. Lekin uni ustida ishlab, muxlislarimizni Superliga va OChL uchrashuvlarida xursand qilamiz.