"Milan" hujumchisi Noa Okafor katta ehtimol bilan faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettiradi. 25 yoshli futbolchi "Lids"ga o'tish arafasida turibdi, deya xabar bermoqda insayder Fabritsio Romano. "Tovuslar" "rossonerilar" bilan transfer shartlarini deyarli kelishib olishgan. Agar hammasi reja bo'yicha ketsa, bitim bir sutka ichida yopiladi.

Avvalroq, "Lids" Noa Okafor uchun 20 mln evro to'lashga tayyorligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Futbolchining Transfermarkt saytidagi narxi - 13 mln.

Shveytsariyalik futbolchi 2023 yil yozidan beri "Milan" sharafini himoya qilib kelmoqda - o'shanda u Avstriyaning "Red Bull Zaltsburg" klubidan 15,5 million evroga sotib olingan edi. O'tgan mavsumning ikkinchi yarmini forvard "Napoli"da o'tkazdi va u bilan A Seriya g'olibiga aylandi.