Rossiya Federatsiyasining Ekaterinburg shahrida bilyard sporti bo'yicha Ekaterinburg shahar hokimi sovrini uchun o'tgan jahon kubogida hamyurtimiz bronza medaliga sazovor bo'ldi.

Nufuzli musobaqada erkaklar o'rtasidagi bahslarda mamlakatimiz sharafini Jasur Rahmatullaev, Jamoliddin Qo'chqorov, Amir Rustamov himoya qilgan bo'lsa, ayollar musobaqasida Nargiz Tosheva sovrinli o'rinlarga da'vogarlik qildi.

Bir hafta davom etgan musobaqalarda Nargiz Tosheva saralash musobaqalarida Belarus, Rossiya vakillarini mag'lub etdi. Ammo yarim final ostonasida rossiyalik Alisa Litvinovaga 5:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo'ydi.

102 nafar bilyardchi qatnashgan erkaklar musobaqasida terma jamoamiz sardori Jamoliddin Qo'chqorov saralash bahslarini muvaffaqiyatli o'tkazdi.

Qirg'iziston, Belarus, Rossiya vakillarini dog'da qoldirdi. Yarim finalda hamyurtimiz rossiyalik Leonid Shviryaev bilan teng kurashlar ostida o'tgan o'yinda bronza medaliga ega chiqdi.