O'zbekiston milliy robototexnika jamoasi “Sanya WRC 2025”da muvaffaqiyatga erishdi

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bundan bir oy muqaddam o'tgan “Dubai First Off-Season” xalqaro robototexnika musobaqasida O'zbekiston vakillari saralash bosqichida 8 ta eng yaxshi natijani qo'lga kiritib, Xitoy Xalq Respublikasida bo'ladigan final bosqichida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritgan edi.
Dubay bahslarida yakkaxon tartibda birinchi, umumjamoa hisobida ikkinchi o'rinni egallab, "Eng yaxshi boshqaruv" nominatsiyasi sohibi bo'lgan O'zbekiston milliy robototexnika jamoasi kuni kecha Xitoyda yakunlangan final musobaqalarida ham yaxshi natijalarni qayd etdi.Sanya shahrida o'tkazilgan “Sanya WRC 2025” xalqaro musobaqasida dunyoning turli davlatlaridan 2 ming nafardan ortiq robototexnika yo'nalishida izlanishlar olib borayotgan yosh tadqiqotchilar o'zlarining yangi innovatsion texnologiyalarini global maydonda sinovdan o'tkazdi.
Xalqaro turnirning birinchi kunida 6 ta yo'nalishning barchasida muvaffaqiyatga erishgan O'zbekiston jamoasi yakuniy reytingda 3-o'rinni egalladi.
Bahslarning so'nggi kungi natijalari sarhisobiga ko'ra, O'zbekiston milliy robototexnika jamoasi musobaqa davomidagi texnik mahorati, jamoaviy hamjihatligi va innovatsion yondashuvi bilan “Excellence Award” mukofotiga loyiq ko'rildi.