Nunesning "Al-Hilol"dagi maoshi qancha bo'ladi?

"Al-Hilol" "Liverpul" hujumchisi Darvin Nunesga bonuslardan tashqari yiliga 15 million evro maosh bilan shartnoma taklif qildi, deb xabar beradi Sky Sport.
Chorshanba kuni klublar Urugvay terma jamoasi futbolchisining transferi bo'yicha kelishib olgani ma'lum bo'ldi. Shuningdek, "Al-Hilol" va Nunes shartnoma bo'yicha og'zaki kelishuvga erishdi.
Tibbiy ko'rik va shartnoma imzolanishi yaqin kunlarda bo'lib o'tadi. Shartnoma 2028 yilgacha mo'ljallangan.
Nunes 2022 yildan beri "Liverpul" sharafini himoya qilmoqda. U "qizillar" safida barcha musobaqalarda 143 ta o'yinda maydonga tushib, 40 ta gol va 26 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.